#uydaqol! #hayotgaqoʻshil! #sportchallenge chellenji gʻoliblariga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi

Avvalroq, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va BMTning Markaziy Osiyodagi Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan #uydaqol! #hayotgaqoʻshil! #sportchallenge chellenjida ishtirok etganlarning navbatdagi gʻoliblari aniqlangani haqida xabar bergan edik.

Bugun #uydaqol! #hayotgaqoʻshil! #sportchallenge chellenjiga 10-14-aprel kunlari oraligʻida joʻnatilgan ikki mingga yaqin videomateriallar ichida eng yaxshilari deya eʼtirof etilgan gʻoliblari tashkilotchilar tomonidan oʻzlariga atalgan qimmatbaho sovgʻalar, yaʼni sport anjomlarini qabul qilib olishdi.

Chellenjda 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan Toshkent shahar Xadra mavzesida istiqomat qiluvchi Saidovlar xonadoniga yugurish yoʻlakchasi topshirildi. 2-oʻrin sohibiga aylangan Navoiy viloyati, Karmana tumani Islom Karimov koʻchasida istiqomat qiluvchi Xolmurodovlar oilasi velo trenajyorining egasiga aylandi.

Shuningdek, 3-oʻringa munosib koʻrilgan videorolik egalari hisoblanmish Toshkent shahri, Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi Faxriddinovlar oilasi va figurali uchish boʻyicha Oʻzbekiston oʻsmir qizlar terma jamoasi changʻi trenajyorlari bilan taqdirlanishdi.

Darvoqe, yurtdoshlarimiz uchun #uydaqol! #hayotgaqoʻshil! #sportchallenge chellenjida qatnashish qulay boʻlishi uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Feysbukdagi rasmiy kanalida Uyda qol! Hayotga qoʻshil! sahifasi, Instagram kanalida esa #sportchallenge sahifalari ham ochildi. Endi siz oʻz video materiallaringizni ushbu sahifalar orqali ulashish imkoniyatiga ega boʻldingiz. Shu bilan birga Telegram messenjerida ochilgan https://t.me/uydaqol_hayot guruhi ham ishlab turibdi.

Aziz yurtdoshlar, chellenjda faol ishtirok eting va qimmatbaho sovgʻalarni qoʻlga kiriting. Unutmang, agar siz ilk gʻoliblar safidan chetda qolgan boʻlsangiz, bu sizning tanlovda boshqa ishtirok etmasligingizni bildirmaydi. Demak, sizda hali gʻolib boʻlish uchun imkon bor.

Источник: официальный сайт Министерства физической культуры и спорта - www.minsport.uz