Jismoniy tarbiya va sport tizimida masofaviy taʼlimning yutuq va kamchiliklari

Koronavirus pandemiyasi butun insoniyat, shu jumladan sportchilar hayot tarzini ham oʻzgartirib yubordi, masofaviy ish va masofadan turib taʼlim olish, xizmatlar qatorida taʼlim tizimi ham tezda onlayn formatga oʻtishga majbur boʻldi.

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Maxmudjon Boltabayev bilan universitetda karantin paytida olib borilayotgan taʼlim va uning taʼsiri haqida suhbatlashdik.

- Universitetda onlayn oʻqitish kursini tashkil qilish uchun moʻljallangan platformada barcha zaruriy elementlar yaratilganmi?

- Universitet oʻquv jarayonining uzluksizligini taʼminlash va talabalarning bilim olish darajasini masofadan turib metodik qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2019/2020 oʻquv yili bahorgi semestr fanlari boʻyicha masofaviy taʼlim tizimi toʻliq yoʻlga qoʻyildi. http://moodle.uzdjtsu.uz/moodle/ masofaviy taʼlim tizimiga bahorgi semestr boʻyicha 7 ta taʼlim yoʻnalishi hamda 2 ta magistratura mutaxassisliklari uchun 98 ta fandan oʻquv adabiyotlari, oʻquv-uslubiy majmualar va boshqa manbalar professor-oʻqituvchilari tomonidan platformaga joylashtirildi.

Hozirda universitetning barcha talabalari http://moodle.uzdjtsu.uz/moodle/ masofaviy taʼlim tizimida roʻyxatdan oʻtib, oʻz yoʻnalishlari boʻyicha uyda turib taʼlimni davom ettirmoqda.

Masofaviy taʼlim qamrovini oshirish maqsadida talabalarimiz uchun masofaviy taʼlim platformasidan foydalanish boʻyicha video yoʻriqnomalar ishlab chiqildi. Shuningdek, universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan vebinar texnologiyalari asosida maʼruzalar tashkil etish boshlandi. Maʼruzachi oʻqituvchilar masofadan turib ishlash, oʻqish va muloqot qilishga moʻljallangan Zoom dasturidan foydalangan holda videokonferensiya koʻrinishida maʼruzalar oʻtishni boshladi.

Shu bilan birga yangi tizim orqali ishlashda muammolar ham mavjud. Bu boradagi elektron manbalar miqdori yetarli emasligi, taʼlim resurslariga joylanayotgan materiallar asosan umumkasbiy fanlardan boʻlib, mutaxassislik fanlaridan maʼlumotlar talabalarning ehtiyojlarini toʻliq qamrab olmaydi. Shuningdek, talabalar asosan, respublikaning turli viloyatlaridan boʻlib, ularning barchasida kompyuter texnologiyalari, yuqori tezlikdagi internet va mobil internetdan foydalanish imkoni mavjud emas. Masofaviy taʼlim tizimida talabalarning bilimini baholashning samarali va shaffofligini kamaytiradi. Joriy va oraliq nazorat sinovlarni oʻtkazish jarayonida talabalar tomonidan vazifalar shaxsan bajarilishini nazorat qilish imkoni mavjud emas.

Yuqoridagi muammolarning oldini olish borasida professor-oʻqituvchilar talabalar bilan turli masofaviy koʻrinishlarda, jumladan, telegramm guruhlari, kanallari va boshqa tizimlar orqali on-line tarzda muloqotga kirishib, fanlar boʻyicha tegishli mavzularni muhokama qilgan holda talabalarga maslahatlar berib bormoqda.

- Barcha professor-oʻqituvchilar masofaviy taʼlimga jalb qilinganmi?

- Universitetimizda faoliyat olib borayotgan 356 nafar professor-oʻqituvchidan 326 nafari masofaviy taʼlimga jalb qilingan boʻlib, shundan 292 nafari bevosita onlayn dars-mashgʻulotlarini olib borishmoqda. Qolgan 34 nafar professor-oʻqituvchilarga oʻquv-metodik qoʻllanmalar, ilmiy maqolalar hamda yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ishlar taqsimlangan. Yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish va oʻquv jarayonini sifatli tashkil etishni taʼminlash boʻyicha kafedralarda doimiy ravishda monitoring oʻtkazib borilmoqda. Mazkur jarayonda kafedralarning ishchi oʻquv reja va ishchi fan dasturi, namunaviy oʻquv rejasi, auditoriyalarning yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holati, maʼruzalarning elektron shakllari, kafedraning reyting nizomi, barcha taʼlim yoʻnalishlari uchun DTS va malaka talablari bilan taʼminlanganlik kabi masalalar koʻrib chiqilmoqda.

- Universitetning professor-oʻqituvchilari masofaviy taʼlimni tashkil etish boʻyicha pedagogik dasturiy vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalariga egami?

- Masofadan oʻqitish tizimi zamon bilan hamqadam boʻlgan professor-oʻqituvchilar uchun juda qulay usuldir. Oʻqituvchi internetga kiradi va tasdiqlangan darslar asosida saytga va yoki maxsus ijtimoiy tarmoq kanaliga oʻzining video maʼruzalarini, savol va topshiriqlarini joylab boradi.

Masofaviy taʼlimning yana bir afzalligi shundaki, unda talabalar oʻziga qulay vaqtda va hattoki ishdan ajralmagan holda bilim olishi, professor-oʻqituvchilarni tanlashi mumkin. Aynan shu afzalliklari tufayli professor-oʻqituvchilar oʻz bilimlarni oshirib borishiga sabab boʻlib, taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Karantin eʼlon qilingan vaqtdan boshlab Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari uchun “Masofaviy taʼlimni tashkil etish texnologiyalari” va “Ingliz tilini oʻrganish” masofaviy kurslari yoʻlga qoʻyildi.

Mazkur masofaviy kurslarning maqsadi professor-oʻqituvchilarning Masofaviy taʼlimni tashkil etish, boshqarish mahoratlarini shakllantirish va rivojlantirish, shuningdek ularning ingliz tilini oʻzlashtirishlari uchun qulay imkoniyatlar yaratishdan iborat.

Professor-oʻqituvchilar ushbu kurslarda oʻqishlari asosida masofaviy taʼlimni tashkil etish boʻyicha pedagogik dasturiy vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron oʻquv kontentlarini yaratish koʻnikmalariga ega boʻldilar. Shuningdek, ingliz tili boʻyicha boshlangʻich yoki davom ettiruvchilar uchun alohida kurslarda oʻzlarining til koʻnikmalarini rivojlantirmoqdalar.

- Universitetning oʻziga xosligidan kelib chiqib qaraydigan boʻlsak talabalarga masofaviy taʼlim qanchalik toʻgʻri boʻlishi mumkin?

- Hozirgi kunda universitet talabalari va professor-oʻqituvchilari bir-biridan olisda boʻlsa-da masofaviy taʼlim tizimida ular oʻzaro maxsus yaratilgan oʻquv kurslari, nazorat shakllari, elektron aloqa va internetning boshqa texnologiyalari yordamida doimiy muloqotda boʻlishmoqda. Internet texnologiyasini qoʻllashga asoslangan masofaviy oʻqitish jarayoni uzviy davom etishiga imkon beradi. Buning natijasida taʼlim oluvchilar uzluksiz mustaqil taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Oʻylaymanki biz hozirgi paytda jismoniy tarbiya va sportda masofaviy taʼlim tizimini rivojlanishining dastlabki bosqichini boshlab berdik. Joriy yilning sentyabr oyidan sirtqi, maxsus sirtqi hamda kunduzgi taʼlimda tahsil olayotgan terma jamoa aʼzolari hisoblangan talabalarimizni masofaviy tarzda oʻqitishni tashkil etsak ham boʻladi.

Bunga sabab sirtqi, maxsus sirtqi hamda kunduzgi taʼlimda tahsil olayotgan terma jamoa aʼzolari hisoblangan talabalarimiz amaliyotni ish faoliyatida uzluksiz olib borishadi. Ularning koʻpchiligi bolalar va oʻsmirlar sport maktabi, ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabi, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar va oʻsmirlar sport maktabi, oliy mahorat sport maktabi, oliy sport mahorati maktabi, respublika oliy sport mahorati maktablarining trenerlari hisoblanishadi.

Agarda biz ushbu tizimni joriy etsak jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yana-da rivojlantirishga, talabalarga koʻplab imkoniyat va qulayliklar yaratgan boʻlamiz.

Birinchidan, sirtqi, maxsus sirtqi hamda kunduzgi taʼlimda tahsil olayotgan terma jamoa aʼzolari hisoblangan talabalarimizga masofaviy taʼlim tizimida umumkasbiy va mutaxassislik fanlaridan maʼlumotlar onlayn tarzda yetkazilib, ularning faoliyatini uzluksiz olib borishga zamin yaratiladi;

Ikkinchidan, talabalar faoliyat olib borayotgan sport maktabi oʻquvchilarning sport mashgʻulotlarini tanaffussiz olib borish imkoniyati paydo boʻladi.

Mazkur taʼlimning yana bir afzallik tomoni, unda oʻqish muddatini talaba oʻzi belgilaydi, yaʼni talaba ixtiyoriy paytda bilim olishni boshlaydi, materiallarni oʻqituvchi nazoratida oʻzlashtiradi.

Shuningdek, masofaviy taʼlimning tashkiliy-iqtisodiy afzalliklari ham mavjud boʻlib, masalan, oʻqitish uchun talabalarga auditoriyalar, yotoqxonalar zarur emas. Talabalarning universitetga kelib ketish vaqti, yoʻl kira, ijara va boshqa xarajatlari tejalishiga imkon yaratadi.

Yana bir muhim jihatni eʼtibordan chetda qoldirmaslik zarur. Universitet sport yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash taʼlim muassasasi hisoblanadi. Shuning uchun ham kunduzgi taʼlim shaklida sportda pedagogik mahoratni oshirish fani taʼlim jarayonini 60-70 foizini tashkil etadi. Bu eng avvalo talabalarning sport yoʻnalishlaridan kelib chiqib, ularda texnik, taktik bilimlarini oshirish sir-asrorlarini puxta egallashlari uchun zamin yaratadi.

Shundan kelib chiqib kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talabalarning masofaviy taʼlimda sportda pedagogik mahorat fanini toʻliq oʻzlashtirishida muammolar kelib chiqish mumkin:

- sportchi talabalar amaliy mashgʻulotlarni murabbiy nazorati ostida olib bormasligi;

- murabbiy tomonidan talabalarning mashgʻulot olib borishidagi xato va kamchiliklarini toʻgʻrilash imkoni mavjud emasligida koʻrishimiz mumkin.

Yuqoridagi muammolarni hal etish maqsadida universitetda masofaviy taʼlim tizimida oʻqituvchi-murabbiylar tomonidan oʻquv mashgʻulotlar videotasvirga olingan holda talabalarga onlayn tarzda yetkazilib, vazifalar berilmoqda.

Shu bilan birga yangi oʻquv yili boshida darsdan keyin sportda pedagogik mahoratni oshirish fanini talabalar toʻliq oʻzlashtirishlari uchun mutaxassislik kafedralari hamda universitet sport klubida qoʻshimcha mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

- Bitiruvchi kurs talabalarining yakuniy imtihonlari qanday tartibda amalga oshiriladi?

- Oʻquv yilining bu davriga kelib bitiruv bosqichi talabalarining nazariy va amaliy bilimlari puxta oʻzlashtirilgan boʻlib, oʻquv mashgʻulotlari deyarli yakunlangan. Shundan kelib chiqib, yakuniy davlat attestatsiyasini davlat imtihoni shaklida (bakalavr bitiruvchilarga on-layn test sinovlari, magistraturada on-layn himoya va boshqa shakllarda) oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak masofaviy taʼlim jarayoni muttasil takomillashtirilib borilmoqda. Masofaviy taʼlim bilim va tajribaga ega boʻlgan har bir shaxsga boshqalar bilan oʻz salohiyatini boʻlishish uchun imkon beradi. Bu jarayon taʼlim beruvchi va taʼlim oluvchi uchun manfaat keltirishi zarur. Shu maqsadda universitet Kengashi aʼzolari va kafedra mudirlarining onlayn videokonferensiyalari oʻtkazilib, unda bu boradagi ilgʻor tajribalar keng ommalashtirilmoqda, ayrim muammolar yechimi hal etilmoqda.

Источник: официальный сайт Министерства физической культуры и спорта - www.minsport.uz