Sirdaryo viloyatidan maxsus reportaj: Baxtsiz hodisadan jabr koʻrganlar oʻrtasida qiziqarli musobaqalar oʻtkazilmoqda

Sardoba suv ombori bilan yuz bergan baxtsiz hodisadan natijasida zarar koʻrgan hududlardan koʻchirilgan aholi salomatligi va ruhiy holatini mustahkamlash maqsadida ular oʻrtasida turli sport turlari boʻyicha qiziqarli musobaqalar tashkil etilmoqda.

Jumladan, Guliston shahrida joylashgan Olimpiya zaxiralari maktab-internatiga joylashtirilgan 700 nafarga yaqin aholi bugun tongni uyushgan holda ertalabki badantarbiya mashgʻulotlari bilan boshladi.

Shundan so'ng, ayollar va bolalar oʻrtasida oʻziga xos estafeta musobaqalariga start berildi. Ishtirokchilar jamoalarga boʻlingan holda arqon tortishish va estafetaning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro bellashishmoqda.

Shuningdek, yoshlar va havaskorlar oʻrtasida stol tennisi, badminton, voleybol, shaxmat va shashka boʻyicha musobaqalar ham tashkillashtirilmoqda. Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlar mutasaddilar tomnidan taqdirlanishadi.

Kecha ham kun davomida stol tennisi, shaxmat va shashka boʻyicha musobaqalar oʻtkazilgan edi. Musobaqalar yakunida gʻoliblarga maxsus esdalik sovgʻalari topshirildi.

Xabaringiz bor, ayni paytda Sardoba fojeasidan jabr koʻrgan mahalliy aholi uchun respublikamizning barcha hududlaridan insonparvarlik yordamlari joʻnatilmoqda. “Saxovat karvonlari” Guliston shahrida mutasaddi xodimlar tomonidan kutib olinib, faollar bilan birgalikda sardobaliklarga tarqatilmoqda.

Источник: официальный сайт Министерства физической культуры и спорта - www.minsport.uz