Germaniyada oʻynayotgan oʻzbekistonlik futbolchi bilan eksklyuziv intervyu

Germaniya U-17 Bundesligasida oʻynayotgan yosh futbolchimiz haqida eshitganmisiz? Uning yutuqlari va faoliyati boʻyicha championat.asia sayti jurnalisti eksklyuziv intervyu tayyorladi.

Tanishing, Shohjahon Xayrilloyev 2003-yilning 27-yanvar kuni Buxoro shahrida tugʻilgan. Ampluasi hujumchi. Hozirda Germaniyaning “Karlsrue” U-17 jamoasida toʻp tepmoqda. Germaniyaning “Karlsrue” jamoasi 2-divizionda ishtirok etadi. U oʻtgan mavsum Germaniya 3-divizioni jamoasi safida 12 oʻyinda 15 ta gol urgandi. 2020-yil yanvar oyida Shohjahon “Karlsrue” klubiga koʻchib oʻtdi.

– Assalomu alaykum Shohjahon. Qisqacha millionlar oʻyiniga qanday kirganingizni aytib bersangiz.

– Assalomu alaykum. Kichkinaligimdan futbolga boʻlgan mehrim oʻzgacha boʻlgan. Hamma bolalar singari mahallada koʻcha changitib futbol oʻynaganman. Keyinchalik esa murabbiyimiz Farhod Neʼmatovich qoʻllarida futbol sir asrorlarini oʻrganishni boshladim. Buxoro shahridagi “Sitora” klubida ham toʻp tepdim. 13 yoshimda esa “Bunyodkor” akademiyasiga yoʻl oldim. Akademiyada 4 yil futboloʻynadim. Keyinchalik Oʻzbekiston U-18 chempionatida ishtirok etdim. Jasur Jaloliddinov jamoadoshim edi. Keyinchalik u asosiy tarkibga yoʻl oldi.

– Har bir futbolchi hayotida legioner boʻlishni xohlaydi. Sizning Germaniyaga ketish tarixingiz qanday boʻlgan?

– Ha, har bir futbolchi hayotida legioner boʻlishni, Yevropada oʻynashni xohlaydi. Men ham Buxoroda oʻynab yurgan kezlarim legioner boʻlishni orzu qilganman va intilganman. “Bunyodkor” tarkibidagi xalqaro musobaqalar esa bu orzuim amalga oshishi uchun yordam bergan. “Qaldirgʻochlar” tarkibida Qozogʻiston, Rossiya davlatlarida oʻtgan musobaqalarda yutuqlarga erishganman. Qozogʻistondagi musobaqada “Eng yaxshi toʻpurar” boʻldim. 2018-yilda esa agentim orqali Germaniyaning 3-divizionidagi jamoaga kelib qoʻshilganman. Jamoa tarkibida 12 ta oʻyinda 15ta gol urishga muvaffaq boʻlganman. Bundesliga jamoalari tarkibiga kirish juda qiyin. Shu uchun har bir oʻyinda koʻproq gol oʻrishga harakat qilganman. Shundan soʻng, menga Bundesligadagi “Xoffenxaym”, “Nyurnberg”, Frankfurtning “Ayntraxt” klublaridan va hozirgi jamoam “Karlsrue”da takliflar kelgan. Shu yilning yanvar oyida “Karlsrue” taklifini qabul qilib, shartnoma imzoladim va hozirda U-17 jamoasi tarkibida toʻp tepmoqdaman.

– Oʻynayotgan klubingiz hamda u yerdagi sharoitlar, mashgʻulotlar haqida aytib bersangiz?

– “Karlsrue”U-17 jamoasidagi sharoitlar Bundesliga asosiy tarkibdagi sharoitlari bilan teng desam adashmagan boʻlaman. Jamoada 6 nafar legioner futbolchilar bor. Ular Turkiya, Fransiya, Gretsiya davlatlaridan. Har bir futbolchiga oʻzgacha eʼtibor. Mashgʻulotlar juda qiziq va asosan futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga qaratiladi. Doimo shifokorlar nazoratidamiz. Oʻyinlardan oldin va keyin tiklanish mashgʻulotlarini bajaramiz. Sharoitlar juda ham zoʻr. Germaniyada futbolni sevishadi. Biz yosh jamoa boʻlsak-da, minglab muxlislar stadionga tashrif buyuradi.

– Pandemiya davrida futbol toʻxtadi. Germaniya Bundesligasi esa qaytish arafasida. Sizlarda ahvol qanday?

– Karantin paytida bir oy mashgʻulot qilmadik. Lekin bu dam olish degani emas. Murabbiylarimiz reja asosida uyda individual mashgʻulot olib bordik. Trenajyor zallarida shugʻullandik, yugurish mashqlarini bajardik, umuman olganda toʻpsiz ishladik. Hozirda esa mashgʻulotlarga qaydik. 24 futbolchini 5 guruhga boʻlishdi va oradagi masofa 2 metr boʻlgan holda, 2 murabbiy, 5 ta futbolchi bitta maydonda mashgʻulotlarni davom ettirmoqdamiz. Bundesliga 16-may kuni qaytadi. Lekin yoshlar Bundesligasi qachon boshlanishi nomaʼlum. Hozirda kichik guruhlarda tayyorgarlikni davom ettirmoqdamiz.

– Sizni oʻrganish davomida sizga Yevropaning bir qator nomdor klublaridan qiziqish boʻlganligi haqida xabar topdim. Bularning orasida Turkiyaning “Galatasaroy” klubi ham bor ekan.

– Ha, agentim orqali bir qator klublardan qiziqish boʻlgani haqida eshitdim. Hozirda meni “Karlsrue”jamoasi bilan 2 yillik shartnomam bor. Bu yerda usishda davom etmoqchiman va jamoamga yordam berishni istayman.

– Oʻzbekiston Superligasini kuzatasizmi?

– Ha albatta. Asosan “Paxtakor” va “Bunyodkor” ishtirokidagi oʻyinlarni kuzataman. Bu yerdan farqli ularoq, oʻzbek futbolchilarida jismoniy holat yuqori emas. Texnik tomondan esa ustun. Germaniyada futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga yuqori eʼtibor beriladi. Murabbiylar esa biz bilan individual tarzda ishlashadi.

– Qaysi futbol klubi muxlisisiz va sevimli futbolchinigiz kim?

– “Barselona” muxlisiman. “Barselona”ning oʻyinlarini koʻrib katta boʻlganman. Sevimli futbolchim esa Lionel Messi. Uning oʻyinlaridan zavq olaman.

– Kelajakdagi rejalaringiz haqida...

– Kelajakda rejalarim bisyor. Nasib etsa Germaniya Bundesliga eng kuchli jamoalarning asosiy tarkibiga kirish. Buning uchun tinmay mehnat qilishga harakat qilaman. Keyinchalik esa Angliya Premyer-ligasida toʻp tepish va albatta Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida Jahon chempionatida oʻynash eng katta orzum.

– Suhbat uchun rahmat. Sizga Germaniyadagi faoliyatingizda omad va zafarlar tilaymiz. Umid qilamizki Oʻzbekiston sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilasiz. Yurtimizdagi futbol muxlislariga tilaklaringiz?

– Oʻzbek xalqimizni ulugʻ Ramazon oyida sabr toqat tilayman. Karantindan eson-omon chiqib olib, yana futbol havosidan bahramand boʻlishi tilakdoshiman. Biz muxlislar uchun futbol oʻynaymiz va nasib etsa Germaniyada ham Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarib yurishga harakat qilaman.

Источник: официальный сайт Министерства физической культуры и спорта - www.minsport.uz