Qashqadaryoda dzyudo rivoji yoʻlida nimalar qilinmoqda?

Respublikamizda dzyudoga qaratilayotgan eʼtibor, uning rivoji, yutuq va kamchiliklari haqida turkum intervyu hamda maqolalar berib kelayotgan edik. Bugun diqqat eʼtiborimiz Qashqadaryo viloyati dzyudosiga qaratiladi. Shu maqsadda viloyat dzyudo federatsiyasi ijrochi direktori Akbarr Choriyev bilan suhbat uyushtirdik.

– Akbar aka, Qashqadaryo viloyati dzyudosi haqida gap ketganda, kimlarni alohida taʼkidlagan boʻlardingiz? Kimlar viloyat dzyudosiga tamal toshini qoʻyishgan?

– Viloyatimiz dzyudosi haqida gap ketganida, malakali va jonkuyar murabbiylarimiz – Ulugʻbek Pattayev, Bahodir Hojiyev, Shavkat Boboyorov, Poʻlat Omonqulov, Dildora Toʻraqulovalarning xizmatlarini alohida taʼkidlab oʻtishni istardim. Qashqadaryo viloyati dzyudosiga asos solgan inson esa Vadim Malkov hisoblanadi. Vladimir Felipovichning saʼy-harakatlari bilan viloyatda dzyudo sport turi ommalasha boshlagan.

– Terma jamoalarga munosib nomzodlarni yetkazib berish boʻyicha olib borilayotgan ishlar qoniqarli darajadami? Viloyatdan yoshlar va kattalar terma jamoasida necha nafardan aʼzo hamda nomzod dzyudochilar bor?

– Bu borada seleksiya ishlariga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Bugungi kunda kattalar terma jamoasiga 5, yoshlar jamoasiga esa 7 nafar dzyudochimiz aʼzo hamda nomzod sanaladi. Ulardan Kamoliddin Rasulov, Bahrom Rajabov, Maʼruf Hidirov, Nodir Hurramov, Farangiz Xolmurodova singari dzyudochilarimiz ijobiy natijalarga erishib kelishyapti.

– Qashqadaryo viloyatining qaysi tumanlarida dzyudoga eʼtibor nisbatan yaxshi?

– Qarshi shahri, shuningdek, Gʻuzor, Koson, Qamashi kabi tumanlarimizda dzyudoga boʻlgan eʼtibor talab darajasida. Buning natijasida nomlari tilga olingan hududlardan iqtidorli sportchilar yetishib chiqmoqda.

– Sportchilarning kashf qilinishi va yuzaga chiqishi bevosita murabbiylarga bogʻliq. Viloyatda bu masalada muammo yoʻqmi?

– Fikringizga toʻliq qoʻshilaman. Murabbiyning salohiyati yuqori boʻlmasa, har qanday iqtidor ham oʻz-oʻzidan soʻnib ketishi mumkin. Tajribali murabbiylar masalasida deyarli muammolarimiz yoʻq. Ular mavjud seksiyalarimizda yaxshi ishlashyapti.

– Viloyat dzyudo federatsiyasi tomonidan murabbiy va hakamlar uchun seminarlar oʻtkazib turiladimi?

– Albatta. Bu kabi seminarlar avvaldan belgilangan reja asosida oʻtkaziladi. Bundan tashqari, viloyatimizda oʻtkaziladigan musobaqalar oldidan ham murabbiy va hakamlar uchun seminarlar tashkil etiladi. Yil boshida Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi Hakamlar hayʼati raisi Nagʻmonjon Mirzarahmonov, tajribali murabbiy Kamol Murodov viloyatimiz hakam va murabbiylar uchun seminar oʻtkazib berishgan edi. Fursatdan foydalanib, nafaqat dzyudo, balki barcha sport turlariga eʼtibor qaratayotgan hukumatimizga, bizga zarur sharoitlarni muhayyo qilayotgan Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi rahbariyatiga minnatdorchilik bildiramiz.

– Viloyat miqyosida oʻtkazilayotgan musobaqalar yetarli darajadami?

– 25-yanvar kuni Qarshi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internati faollar zalida Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi Qashqadaryo viloyat boʻlimining 2019-yil yakunlari hamda joriy 2020-yil rejalariga bagʻishlangan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtgan edi. Unda oʻtgan mavsum sarhisob qilinishi barobarida yangi yil rejalari muhokama qilingandi. Yillik rejada turli yosh toifasi uchun moʻljallangan musobaqalar bisyor edi. Afsuski, koronavirus pandemiyasi sabab yuzaga kelgan karantin tufayli hamma musobaqalarni ham oʻtkaza olmayapmiz. 9-10-mart kunlari Qarshi tumani BOʻSM sport zalida 2005-2006-yillarda tugʻilgan oʻsmir va qizlar oʻrtasida viloyat chempionatini oʻtkazib olgandik.

– Qoʻshni Surxondaryo viloyatidan terma jamoada nomzodlar koʻp. Sharofiddin Lutfullayev, Hikmatulloh Toʻrayev... Aslida Qashqadaryo ham kurashchi-polvonlar yurti hisoblanadi. Lekin sizlarda mashhur dzyudochilar kamdek, nazarimda. Bu nima bilan bogʻliq?

– Haqiqatan ham dzyudochilarning aksariyati faoliyatini toʻy kurashlaridan boshlagan. Endi savolingizga kelsak, hozir bizda avlodlar almashinuvi davri ketyapti desam xato boʻlmasa kerak. Iqtidorli yoshlar yetishib chiqmoqda. Ularning asosiy terma jamoaga taklif etilishi va oʻzlarini koʻrsatishlari uchun ozgina vaqt kerak..

Источник: официальный сайт Министерства физической культуры и спорта - www.minsport.uz