Sport aholimizning kundalik turmush tarziga aylanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisi oʻrtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun qoʻyildi.

Loyihada 2021-yildan boshlab har yili aholining barcha qatlamlari oʻrtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini oʻtkazish tizimi joriy etilishi nazarda tilgan.

Shuningdek, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini tashkil etish boʻyicha umummilliy dastur qabul qilinishi hamda “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarining oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha Milliy kengash tuzilishi belgilangan.

Aholi oʻrtasida sportning barcha turlarini keng targʻib qilish va ommalashtirish ishlari qanday ketayotganligini musobaqalar orqali aniqlash, jumladan, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” maxsus sport sinovlarini oʻtkazish va uning gʻolib va sovrindorlarini I, II, va III darajali koʻkrak nishonlari (guvohnomasi) bilan taqdirlash koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga 5 yil ichida yurtimizning hamma mahallalarida tez quriladigan koʻcha gimnastikasi (workout), voleybol, badminton, stol tennisi, koʻcha basketboli (streetball), mini-futbol kabi sport maydonchalarini tashkil etish ham qayd etilgan.

Tahlillarga koʻra, hozirda aholimizning aksariyati (50 foizdan ortigʻi) ortiqcha vaznga ega ekanligi, keyingi vaqtda immunitet tanqisligi, oshqozon osti bezi, yurak xuruji va turli onkologik kasalliklarning koʻpayib borayotganligi kuzatilmoqda.

Prezident farmoni loyihasi esa inson kapitali (bilim, sogʻliq, tajriba, koʻnikma) ni rivojlantirish va sogʻligʻini saqlashni mustahkamlashga qaratilgan samarali jismoniy tarbiya tizimini yaratish hamda hayotga tatbiq etishga qaratilgan.

https://regulation.gov.uz/uz/document/17400 havolasi orqali loyiha bilan atroflicha tanishish, taklif va mulohazalarni bildirish mumkin.

Источник: официальный сайт Министерства физической культуры и спорта - www.minsport.uz