Azizjon Kamilov oʻzbek dzyudosining olimpiya istiqbollari haqida

Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov oʻz intervyusida hozirgi cheklovlar va noaniqlik sharoitida, sport tashkilotini rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, respublikada dzyudoning ommaviyligini oshirish rejalari bilan oʻrtoqlashdi.

– Azizjon Yoqubjonovich, dunyo boʻylab koronavirusning tarqalishi munosabati bilan, XOQ Tokiodagi Olimpiya oʻyinlarini 2021-yilga koʻchirilishini eʼlon qildi. Sizning mazkur qarorga munosabatingiz qanday boʻldi?

– Avvalo, mamlakatimiz hukumatiga, hatto hozirgidek ogʻir damlarda ham sportni qoʻllab-quvvatlash, sportchilar karantin davrida sport bilan xavfsiz shugʻullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Oʻz oʻrnida biz sportchilar Tokio Olimpiya oʻyinlariga yana-da jiddiy tayyorgarlik koʻrishimiz va avvalgidan ham koʻproq ishlashimiz kerak. Endi bevosita savolingizga kelsak, men bu yangilikni xotirjamlik bilan qabul qildim va buni toʻgʻri tushundim. Sababi, bu juda oqilona va kutilgan qaror edi. Dunyoning 200 dan ortiq mamlakat sportchilari Tokioda yigʻilishlari kerak va bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas edi. Asosiysi, bu qaror XOQ tomonidan global xavfsizlik uchun qabul qilingan – ayni damda infeksiyani yengish hammasidan muhimroqdir.

– Olimpiada bir yilga surildi. Bu holatda Oʻzbekiston terma jamoasi toʻrt yillikning asosiy startiga qanday tayyorlanmoqda?

– Biz sportchilarimizning oʻquv jarayoni uzilmasligi uchun barcha zarur choralarni koʻrgan holda yigitlarni 2021-yildagi munosib natijalarga tayyorlashda davom etyapmiz. Olimpiadaning surilishi sportchilarning boʻshashib, dam olishlari uchun bahona boʻlmasligi kerak edi va bunday boʻlmadi ham. Bizning jamoamiz hozir ham tom maʼnoda startda tayyor turibdi.

– Dzyudochilarimizning tayyorgarligi va sport formasi, shuningdek, Olimpiya oʻyinlari litsenziyalarini qoʻlga kiritishga asosiy daʼvogarlarimiz haqida nima deya olasiz? Ular oʻzlarini qanday his qilishmoqda?

– Dzyudochilarimiz oʻrtasidagi raqobat haqiqatan ham juda yuqori. Oʻyinlarga yaqinlashayotganimiz sayin har oyda kurash yana-da kuchayib boradi. Buni har bir sportchi his qiladi va umuman olganda bu tushunarli holat. Gap shundaki, bizda haqiqatan ham juda koʻp isteʼdodlar bor. Shuning uchun yigitlar astoydil mashq qiladilar va jismoniy koʻrsatkichlarini diqqat bilan kuzatadilar. Biz barcha vazn toifalarida kuchli daʼvogarlarga egamiz, bu aslida kamdan-kam uchraydigan holat. Masalan, Dyusseldorfda boʻlib oʻtgan “Katta Dubulgʻa“ turniri gʻoliblari oʻzlarining yuqori choʻqqilarida ajoyib natijalarni namoyon etishmoqda: Davlat Bobonov (-90 kg) va Muhammadkarim Xurramov (-100 kg), Parijdagi “Katta Dubulgʻa” kumush va bronza medali sohiblari Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg) va Hikmatilloh Toʻrayev (-73 kg), shuningdek, Tokiodagi Jahon chempionati kumush medali sovrindori Sharofiddin Lutfullayev (-60 kg). Shu bilan birga, munosib natijalarni namoyish etadigan ayollar jamoasini ham unutmaslik kerak.

– Kelasi yili Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiadada murabbiylar shtabi va Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oldiga qanday vazifalar qoʻyilgan?

– Maqsadimiz juda yuqori va boshqacha boʻlishi ham mumkin emas. Biz Olimpiya oʻyinlaridan kamida 3-4 ta medalni, shu jumladan eng yuqori probalilarini ham olib kelishni kutyapmiz. Aytmoqchi boʻlganim, murabbiylar shtabi, rahbariyat va sportchilar zimmasiga katta masʼuliyat yuklangan. Shu bilan birga, har bir kishi tanlangan strategiyani amalga oshirish uchun birgalikda, qatʼiy va yuqori masʼuliyat bilan ishlaydi.

– Dzyudo rivojida mintaqalarning yutuqlari haqida gapirib bering. Oʻzbekistonning sport markazlari sifatida hududlarning mustahkamlanishi qanday natijalarga olib kelishi mumkin?

– Mamlakatimizda dzyudo sport turiga katta eʼtibor qaratilayotgani quvonarlidir: masalan, ixtisoslashtirilgan maktablar tajribali murabbiylar tomonidan muvaffaqiyatli boshqarilmoqda. Bu yerda shuni taʼkidlash kerakki, iqtidorli yosh sportchilar koʻp. Bu yil International Judo Federation (IJF) bilan birgalikda 40 ga yaqin shunday maktablarni ochishni rejalashtiryapmiz. Bu shubhasiz ushbu sport turining ommaviyligini oshiradi va eng muhimi respublikaga yangi chempionlarni taqdim etadi.

– Oʻzbekistonlik dzyudochilar uchun muhim voqealardan biri bu Jahon chempionatining Toshkentda oʻtkazish imkoniyatining yuzaga kelgani boʻldi. Musobaqaga tayyorgarlik qanday ketmoqda va uning sanasi maʼlummi?

– Bu biz uchun haqiqatan ham katta voqeylik. 2021-yilda dzyudo boʻyicha kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatining Oʻzbekistonda oʻtkazilishi bizni ruhlantiradi. Musobaqani oʻtkazishga tayyorgarlik qizgʻin ketmoqda: hozir biz IJFning Toshkent chempionatidagi ishtiroki Olimpiya oʻyinlariga saralash bosqichi boʻladi degan qaroriga umid qilmoqdamiz.

– Azizjon Yoqubjonovich, sizda bunday keng koʻlamli va jiddiy tadbirni oʻtkazish gʻoyasi qanday paydo boʻldi?

– Albatta, bu shunchaki, oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Oʻtgan yili Toshkentda dzyudo boʻyicha Gran-pri turnirini yuqori saviyada oʻtkaza oldik. Buni xalqaro ekspertlar, musobaqaga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar ham eʼtirof etishdi. Bu kabi katta musobaqalarni xalqaro talablar darajasida oʻtkaza olishimizni isbotlay oldik. Aynan shu omillar sabab boʻlib, jahon chempionati mezbonligi uchun oʻz nomzodimizni ilgari surdik. Shu yil boshida Toshkentda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi hamda Xalqaro dzyudo federatsiyasi oʻrtasida 2021-yilgi dzyudo boʻyicha kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatini oʻtkazish boʻyicha shartnoma imzolandi.

– Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer Oʻzbekistonga kelganidan keyin “Humo Arena” sport majmuasiga tashrif buyurdi. Uning yangi arena haqidagi fikri qanday boʻldi?

– Janob Vizer koʻp tarmoqli “Humo Arena”ga yuqori baho berish barobarida kattalar terma jamoamizning musobaqalardagi ishtiroki, ularga yaratilgan sharoitlar haqida iliq fikr bildirdi.

– Albatta, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi xalqaro musobaqalarni har doim yuqori darajada oʻtkazib kelgan. Bunga Toshkent Gran-prisi yaqqol misol. Lekin jahon chempionati umuman boshqa daraja. Shu maʼnoda aytingchi, biz koʻproq nimaga eʼtibor qaratishimiz va qaysi tomondan tayyorgarlik koʻrishimiz kerak?

– Albatta, sport va imij daraji boʻyicha jahon chempionatini Gran-pri bilan taqqoslab boʻlmaydi. Lekin bizning ajoyib jamoamiz bor. Biz respublika sport rahbariyati va keng jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganimizni his qilamiz. Masʼuliyatimizni yaxshi anglaymiz va eng muhimi, Oʻzbekiston jiddiy sport qudratiga ega davlat ekanligini yana bir bor oʻzimiz uchun ham, butun dunyo uchun ham isbotlamoqchimiz. Jahon chempionati mamlakatda dzyudo mashhurligining oʻsishiga va bundan tashqari sayyohlik yoʻnalishining rivojiga katta turtki boʻlishiga shubha yoʻq. Buni anglab, shuni ayta olamanki, biz buni uddalay olamiz.

– Chempionat boshlanishining sanasi aniqmi? Boʻlajak jahon chempionatining PR-kompaniyasi va reklamasi qachon boshlanadi?

– Hozir biz sanani aniqlash boʻyicha IJF bilan muzokaralar bosqichidamiz. Musobaqa sanasi rasman tasdiqlanganidan soʻng toʻgʻridan-toʻgʻri PR-kompaniyaga oʻtamiz.

– Boʻlajak jahon chempionatining talismani, yaʼni tumorini tanlash haqida nima deya olasiz? Va umuman tumor boʻladimi?

– Albatta boʻladi. Har bir musobaqaning ramzi boʻlganidek, biz ham bunga alohida eʼtibor qaratganmiz. Shu masala ustida ham ishlayapmiz.

– Xorijlik murabbiylar – Ilias Iliadis va Tomu Torining Oʻzbekistondagi faoliyatini tahlil qilib, ularning faoliyati haqida nima deya olasiz? Murabbiylar jamoaga qoʻshilib keta olishdimi? Siz kutgan natijani berishyaptimi?

– Bilasizmi, Ilias Iliadis – tirik sport afsonasi, ajoyib dzyudochi, Olimpiya chempioni va mohir murabbiy. Jamoamiz bosh murabbiyi sifatida u sportchilarni juda teran his qiladi, ajoyib muhitni yaratadi. Tomu Tori Yaponiyadagi mashhur Kodokan maktabining bitiruvchisi hisoblanadi. Shu jihatdan tajribasi katta va sportchilarga bu yoʻnalishda koʻp yordam beryapti. Yigitlarni mehnatga undaydi. Natijalarimiz ham ijobiy tomonga oʻzgardi. Jamoadagi muhit ham juda yaxshi. Bu ham murabbiylarning xizmati.

– Ilias Iliadis bilan qancha muddatga shartnoma imzolangan?

– Natijalardan koʻnglimiz toʻlyapti. Sportchilar ham Iliadis bilan ishlashdan xursandlar. Aslida shartnoma shu yilning oktyabrida yakuniga yetishi kerak. Lekin biz hamkorlikni davom ettirishni rejalashtirganmiz. Zero, olimpiya oʻyinlari ham 2021-yilga qoldirildi.

– Bugungi sinovli kunlarda sportchilarga, murabbiylarga tilaklaringiz...

– Bu juda ogʻir davr. Ammo, men har qanday inqiroz holatini ham imkoniyat sifatida koʻrishga odatlanganman. Shundan kelib chiqib, federatsiyamizning har bir xodimini xotirjam boʻlmaslikka, sportchilar va murabbiylarni tushkunlikka tushmasdan, mashgʻulotlarni toʻliq kuch bilan davom ettirishga chaqiraman.

Источник: официальный сайт Министерства физической культуры и спорта - www.minsport.uz