Sardoba fojiasidan aziyat chekkan aholi uchun ko’ngil ochar o’yinlar va sport musobaqalari muntazam o’tkazilmoqda
Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilishi natijasida oʻz uy-joyidan ayrilgan aholining bir qismi Gulistondagi ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab internatiga evakuatsiya qilingan.
Ayni paytda bu maskanda Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin hamda Mirzaobod tumanlaridagi mahallalardan koʻchirib kelingan 292 nafar aholi istiqomat qilmoqda.
Bu yerda “Sardoba fojiasi” jabrdiydalari uchun yotoq joylari, uch mahal issiq ovqat, jajji bolakaylar uchun maxsus bolalar bogʻchasi, maktab yoshidagi oʻquvchilar uchun esa sinf xonalar va dars mashgʻulotlari, xullas barcha sharoitlar yaratib berilgan.
Shu bilan birga ushbu maskanda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda mahalliy hokimlik tashabbusi bilan Guliston IOZMIda istiqomat qilayotgan aholi uchun turli koʻngilochar tadbirlar ham uyushtirib kelinmoqda. Sanʼatkor ishtirokidagi konsert dasturlari, stol tennisi, shaxmat-shashka va voleybol bellashuvlari, maktab oʻquvchilari oʻrtasida esa “Quvnoq startlar” musobaqalari shular jumlasidan.
Bu kabi tadbirlar Guliston IOZMIda har kuni tashkil etib turilibdi. Ajabmas, ushbu maskandagi bir muddatlik hayoti davomida oʻgʻil-qizlar qalbida sportga mehr paydo boʻlsa va sogʻlom turmush tarzi ularning hayoti mazmuniga aylansa!
