История борьбы в Узбекистане и ее яркие страницы

Oʻzbekiston Sport kurashlari Assotsiatsiyasiga 1992-yilda asos solingan. 1993-yilda United World Wrestling – Birlashgan kurash dunyosi (avvalgi nomi FILA)ga toʻlaqonli aʼzo sifatida qabul qilingan. Aynan oʻsha yildan eʼtiboran Oʻzbekiston terma jamoasi Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon hamda Osiyo chempionatlarida mustaqil ravishda muntazam ishtirok etib kelyapti.

Oʻzbekiston sport kurashlari tarixiga nazar tashlasak, unda koʻplab mashhur sportchilar boʻlgan. Ular orasida 1972-yilgi Myunxen Olimpiadasi chempioni, ikki karra jahon chempioni Rustem Kazakov, uch karra SSSR hamda Yevropa-1982 chempioni Vasiliy Anikin, besh karra SSSR va Yevropa-1984 chempioni, jahon chempionatlarining bir necha bor sovrindori Kamil Fatkullin, shuningdek, Hamid Vohidov, aka-uka Kursat va Rifat Ablayev, Vladimir Ulyashkin va boshqalarni alohida eʼtirof etish oʻrinli boʻladi. Nomlari tilga olinganlar sport kurashlari boʻyicha oʻzbek maktabi poydevorini qoʻyishgan desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Shu oʻrinda faxriy kurashchilarimizdan biri, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan murabbiy Hamid Vohidov haqida maʼlumot beramiz. Hamid aka butun hayot va faoliyatini Oʻzbekistonda yunon-rim kurashining ommalashishiga sarfladi. U qiyinchiliklarga toʻla suronli yillarni shunday eslagan edi: “Biz qiyin davrni boshdan kechirdik. Mashgʻulotlar mat, yaʼni kurash gilamida emas, balki matraslar ustida oʻtkazilardi. Buxoroda esa vaziyat bundan ham ayanchli ahvolda edi. Kurash maydonida yerdan 30 santimetr chuqurlikda boʻlib, ichiga opilka, yaʼni taxta qirindisi toʻshalgandi”.

Hamid Vohidov Buxoro shahrida dunyoga kelgan. 1942-yilda 10-sinfni tamomlagan boʻlajak kurashchimiz harbiy xizmatga chaqirildi va Vatan himoyasi uchun olovli kurash maydoni – Stalingrad frontiga joʻnab ketdi. Vohidov Stalingraddan to Berlingacha boʻlgan masofani gʻolibona bosib oʻtdi. 1945-yilda ikkinchi jahon urushi yakunlangach, Hamid Vohidov oʻzi tugʻilib oʻsgan Buxoroga qaytdi va yunon-rim kurashi toʻgaragini ochdi. 1947-yilda avvaliga Buxoro shahri, keyin esa Oʻzbekiston chempioni boʻldi. U 1950-yili yana harbiy xizmatga chaqirildi. Xizmat davomida Turkiston harbiy okrugi (TurkVO) chempioniga aylandi. 1955-yilda esa sobiq Ittifoq Armiyasi chempioni boʻldi va bu bilan unga leytenant unvoni berildi. 1956-yili SSSR xalqlari Spartakiadasida 5-oʻrinni egalladi. Bu natija unga SSSR sport ustasi unvonining berilishiga xizmat qildi. Hamid Vohidov sportchilik faoliyati davomida 13 karra Oʻzbekiston chempioni boʻldi. Murabbiylik faoliyatida 30 nafardan ziyod sport ustalarini tayyorladi. Uning mehnatlari munosib taqdirlanib, qahramonimizga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan murabbiy unvoni berildi. Hamid aka 1998-yil faxriylar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionatida ishtirok etib, yunon-rim kurashi bahslarida kumush medalni qoʻlga kiritdi.

Faxriylarimiz haqida gap ketganda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan murabbiy Komil Fatkullinni eslamay ilojimiz yoʻq. Boisi, Komil aka Oʻzbekiston sport kurashlari tarixidagi eng sovrindor polvonlarimizdan biri hisoblanadi. Fatkullin jahon chempionatlari (1977, 1979, 1983)ning uch karra kumush medali sohibiga aylangan. U shuningdek, 1984-yilgi Yevropa chempioni, ikki karra SSSR xalqlari Spartakiadasi gʻolibi, uch karra SSSR chempioni boʻlgan. Komil Fatkullinning murabbiylikdagi faoliyati ham yorqin chiqqan. Uning qoʻl ostida yunon-rim kurashi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Dilshod Aripov 2001-yili jahon chempionatining oltin medalini qoʻlga kiritgan. Aleksandr Dokturishvili esa Afina-2004 Olimpiadasida chempionlik shohsupasiga koʻtarilgan. Oradan ancha vaqt oʻtib, Kamil Fatkullin yana murabbiylik faoliyatiga qaytdi. U 2015-yilda “klassik”larimizni Rio-2016 Olimpiadasining litsenzion turnirlariga tayyorladi.

Oʻzbekiston tarixiy mustaqilligini qoʻlga kiritganidan soʻng oʻzbek sport kurashlarida yangi sahifa ochildi. Erkin va yunon-rim kurashchilarimiz 2000-yildan to shu kungacha oʻtkazilgan barcha Yozgi olimpiya oʻyinlaridan medal bilan qaytishga muvaffaq boʻlishdi. Erkin kurashchimiz Artur Taymazov toʻrtta Olimpiadada ham shohsupaga koʻtarilgan kam sonli sportchilardan biri hisoblanadi. U 2000-yili Avstraliyaning Sidney shahrida oʻtkazilgan olimpiya oʻyinlarida kumush, Afina-2004, Pekin-2008 va London-2012 Olimpiadasida esa oltin medalni qoʻlga kiritgan. Bundan tashqari, Taymazov uch karra Osiyo oʻyinlari (2002, 2006, 2010) gʻolibi, ikki karra jahon chempioni (2003, 2006) boʻlgan. 2001 va 2010-yilgi jahon chempionatlarida kumush, 2007-yilda esa bronza medaliga sazovor boʻlgan. 2014-yili Toshkent shahri mezbonligida oʻtgan jahon chempionati doirasidagi Kongressda Birlashgan kurashgan dunyosi (UWW) Artur Taymazovni shon-shuhrat Zaliga kiritilgani haqidagi xabarni eʼlon qilgin.

Shuningdek, turli yillarda hamyurtlarimizdan Aleksandr Dokturishvili (oltin, yunon-rim kurashi, Afina-2004), Magomed Ibragimov (kumush, erkin kurash, Afina-2004), Soslan Tigiyev (kumush, erkin kurash, Pekin-2008), Yelmurat Tasmuradov (bronza, yunon-rim kurashi, Rio-2016), Ixtiyor Navroʻzov (bronza, erkin kurash, Rio-2016), Magomed Ibragimov (bronza, erkin kurash, Rio-2016) toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi medallariga ega chiqqan. Oʻzbekistonlik sport kurashi vakillaridan Artur Taymazov, Zaurbek Soxiyev, Dilshod Mansurov, Rashid Qurbonov, Bekzod Abdurahmonov, Ixtiyor Navroʻzov, Dilshod Aripov, Yelmurat Tasmuradov, Rustam Assakalov turli yillarda jahon chempionatining oltin, kumush va bronza medallariga sazovor boʻlishgan.

Oʻzbekiston erkin va yunon-rim kurashi terma jamoalari Osiyo oʻyinlarida ham munosib tarzda ishtirok etgan. Birgina hozircha soʻnggisi boʻlib turgan 2018-yilgi Jakartadagi Osiyo oʻyinlarini oladigan boʻlsak, Bekzod Abdurahmonov (74 kg, erkin kurash) va Moʻminjon Abdullayev (130 kg, yunon-rim kurashi) oltin, Rustam Assakalov (87 kg, yunon-rim kurashi) kumush, Sirojiddin Hasanov (65 kg, erkin kurash), Magomed Ibragimov (97 kg, erkin kurash) va Davit Modzmanashvili (125 kg, erkin kurash) terma jamoamizga bronza medallarini taqdim etishgan.

Oʻzbekiston sport kurashlari Assotsiatsiyasi nufuzli musobaqalar hamda tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha ham katta tajribaga ega. Poytaxtimiz 1998 va 2011-yillarda kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionati, 2010-yili oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo chempionati, 1996-2011-yillar oraligʻida oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqillik Kubogi, 2000 va 2004-yilgi Olimpiadaning litsenzion turnirlari, 2001-yili yoshlar, 2014-yili kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilgan. 2018-yilning 10-13-may kunlari Toshkentda kadetlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati oʻtkazilgan. Ushbu qitʼa chempionati Argentinaning Buenos-Ayres shahrida oʻtgan Oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga litsenziya berishi bilan ahamiyatli boʻlgan. Osiyo chempioni boʻlgan erkin kurashchimiz Umidjon Jalolov keyinchalik Argentinada ham shoxsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilgan edi. Muhammadrasul Rahimov bronza, ayollar kurashi vakilamiz Shoxida Ahmedova Olimpiadaning kumush medalini qoʻlga kiritgandi.

Taʼkidlash joiz, 2018-yili Bishkek (Qirgʻiziston) shahrida oʻtgan Osiyo chempionatida erkin kurashchilarimiz medallar boʻyicha umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallashgandi. Oʻtgan yili Nur-Sultan (Qozogʻiston) shahrida oʻtgan jahon chempionatida esa yunon-rim kurashi terma jamoamiz 200 ga yaqin davlat orasida umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni band etgan edi. 2019-yilda Xitoyning Sian shahri mezbonlik qilgan kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida “klassik”larimiz umumjamoa hisobida ikkinchi boʻlishgandi.

Eʼtibor va eʼtirof etishga arzigulik yana bir yangilik 2014-yili Toshkentda oʻtgan jahon chempionatida roʻy bergandi. Aynan poytaxtimizda jahon sport kurashlarining yangi sahifasi ochilgan. Jahon chempionati doirasida oʻtkazilgan Kongressda ushbu sport turi kelajagi uchun muhim qarorlar qabul qilingan, yangiliklar kiritilgan. Ulardan eng asosiysi esa Xalqaro sport kurashlari federatsiyalari assotsiatsiyasi (FILA) nomining United World Wrestling (UWW, Birlashgan kurash dunyosi)ga oʻzgarishi edi. 2014-yilning 7-sentyabr kuni Kongressda qatnashgan barcha delegatlar bir ovozdan buni tasdiqlashgan.