Oʻzbekistonda karate WKF boʻyicha onlayn musobaqa oʻtkazilmoqda

Aholi oʻrtasida karantin davrida boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston karate WKF federatsiyasi tomonidan respublika miqyosida oʻsmirlar, yoshlar va kattalar oʻrtasida karatening kata yoʻnalishi boʻyicha onlayn musobaqa oʻtkaziladi.

Onlayn tarzda oʻtadigan musobaqa joriy yil 28-apreldan 3-mayga qadar boʻlib oʻtadi. Ushbu musobaqa mamlakatimiz aholisining uy sharoitida sport bilan muntazam shugʻullanishini tashkil etishda muhim oʻrin tutadi.

Musobaqada yoshi va jinsidan qatʼiy nazar yurtimizning barcha aholisi ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilar “kata” yoʻnalishida nimalarga qodirligini isbotlagan holda maxsus video orqali +99893 368 08 98, +99897 788 95 95 raqamlarining telegram manziliga yuborishi zarur. Videolavhada ishtirokchi haqida toʻliq maʼlumot berilishi shart.

Joʻnatilgan videolar musobaqa tashkiliy qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Onlayn musobaqada gʻolib va sovrindor boʻlgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

Aziz yurtdoshlar, karantin davrida uyingizda qolib, sport bilan shugʻullaning hamda onlayn musobaqa gʻolibiga aylaning! Biz siz bilan koronavirusni albatta yengamiz!

Источник: официальный сайт Министерства физической культуры и спорта — www.minsport.uz