Sirdaryoda ham “Koʻngilli sportchilar” guruhi tashkil etildi. Ular tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga koʻmaklashmoqda

Joriy yil 1-may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilishi natijasida suv omboridan chiqqan suv oqimi aholi yashash punktlariga jiddiy zarar yetkazgandi.

Ushbu baxtsiz hodisa yetkazgan talofatlar oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida Hukumat komissiyasi bilan birgalikda mahalliy aholi va respublikamizning turli mintaqalaridan kelgan koʻngillilar tun-u kun ish olib bormoqda.

Jumladan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan Sardoba fojiasidan jabr chekkan hududlarda 200 nafardan ortiq sportchi va trenerlardan tashkil topgan “Koʻngilli sportchilar” guruhi aholi turar joylari va ijtimoiy soha obyektlarini tiklash ustida mehnat qilishmoqda.

Mazkur jarayon Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati tomonidan doimiy nazoratga olingan. “Koʻngilli sportchilar” guruhi aʼzolari karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda yurtdoshlarimizning ogʻirini yengil qilishga oʻz hissalarini qoʻshmoqda.

“Koʻngilli sportchilar” guruhi tomonidan bu kabi ezgu ishlar tabiiy ofat oqibatlari toʻliq bartaraf etilguncha davom etadi.

Источник: официальный сайт Министерства физической культуры и спорта — www.minsport.uz