Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tashabbusi bilan karantin davrida qiynalgan xonadonlarga yordam koʻrsatilmoqda

Shu kunlarda butun dunyo koronavirus pandemiyasi tufayli aziyat chekmoqda. Ayni paytga kelib SOVID-19 virusi bilan kasallanganlar soni jahon boʻyicha 2 mln nafardan oshib ketdi.

Afsuski, ushbu pandemiya yurtimizda ham qayd etilib, Oʻzbekistonda ham bu kasallikka chalinganlar soni kundan kunga ortib bormoqda. Shu tufayli Hukumatimiz tomonidan mamlakatimiz aholisi uchun qatʼiy rejimdagi karantin joriy etilgan.

Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tashabbusi bilan ushbu qiyin davrda viloyatdagi barcha tumanlardagi mahallalarda yashayotgan – hozirgi davrda qiynalgan va nogironi bor oilalarga koʻmak koʻrsatilmoqda.

Jumladan, 40 yildan ortiq vaqt davomida Yangiyoʻl tumanida yoshlarga futbol saboqlarini oʻrgatgan trener, hozirda nafaqada boʻlgan 70 yoshli Valeriy Tarasovich Kurinnыy holidan xabar olindi. Sobiq trener va uning oilasiga oziq ovqat mahsulotlari va tibbiy mahsulotlar taqdim etildi.

Bu kabi xayrli ishlar butun Toshkent viloyati boʻylab boshqarma xodimlari, viloyatdagi mashhur faxriy sportchilar ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Ular viloyatdagi qiynalgan xonadonlarda boʻlishib, oziq ovqat mahsulotlari va tibbiy mahsulotlar ulashishmoqda.

Источник: официальный сайт Министерства физической культуры и спорта — www.minsport.uz