Tugʻilgan kun muborak

Bugun Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati direktori Karimov Avaz Qudratillayevich 37 yoshga toʻldi.

Avaz Karimov 1983-yil 19-may kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, 2005-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2016-yilda esa Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini esa 2006-yilda Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi raisining oʻrinbosari sifatida boshlagan. 2007-2011-yillarda Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi Toshkent shahar boʻlimi raisi, 2011-yildan Toshkent shahar yongʻinga qarshi kurashish jamiyati raisi hamda bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston badminton federatsiyasi raisining oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan.

2014-2015-yillarda Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori oʻrinbosari, soʻngra ot sporti boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport Davlat qoʻmitasi Ishlar boshqarmasi boshligʻi, 2017-2019-yillarda esa Chirchiq olimpiya zaxiralari maktab-internati direktori boʻlib ishlagan.

A.Karimov 2019-yil 6-sentyabrdan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati direktori lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jamoasi Avaz Karimovni bugungi tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etadi hamda kelgusi faoliyatida hamisha omad yor boʻlishini tilaydi.