ATF 14&Under turnirlari tarixda ilk bor O‘zbekistonning to‘rtta shahrida o‘tkazilmoqda — bu yirik turnirlar silsilasi butun Osiyo diqqat markazida

2025-yil may oyidan boshlab O‘zbekistonda ATF 14&Under xalqaro turnirlar seriyasi o‘tkazilmoqda — bu Osiyo tennis federatsiyasi (ATF) hamda O‘zbekiston tennis federatsiyasi (OTF) ko‘magidagi yoshlar uchun mo‘ljallangan musobaqalardir. Ushbu turnirlar mintaqaning eng iqtidorli yosh tennischilarini birlashtirib, ularga xalqaro reyting va milliy yoshlar terma jamoalarida ishtirok etish imkoniyatini beradi.
Musobaqalar Buxoro, Qarshi, Samarqand va Toshkent shaharlarida o‘tkazilmoqda. Ushbu turnirlar seriyasida Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, AQSh, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistondan 185 nafardan ortiq tennischi ishtirok etdi.
Seriya o‘ziga xos formati bilan ajralib turadi: har bir o‘rin uchun o‘yin o‘tkaziladi. Asosiy setkada mag‘lub bo‘lgan ishtirokchilar ham musobaqani davom ettirishadi va ATF U14 reytingi uchun muhim ochkolarni to‘plashda davom etadilar. Bu esa yosh tennischilarning motivatsiyasini saqlab qolishga va ularning rivojlanishiga yordam beradi.
Samarqanddagi bosqich ayniqsa e’tiborli bo‘ldi: har kuni kortlarda 32 ta o‘yindan ortiq o‘tkazildi va tomoshabinlar haqiqiy sport jangi va hissiyotlarga boy o‘yinlarga guvoh bo‘lishdi. Bu turnir yoshlar sporti bayramiga aylandi va musobaqalarning yuqori tashkilotchilik darajasini namoyon etdi.
Yorqin ishtirokchilar orasida — Muslima Xon Turdimurodova (Samarkand ATF 14&Under turnirida yakkalik bahslar g‘olibasi), Hamza Elmansuri (Samarqanddagi yakkalik bahslar g‘olibi).
7–12 iyul kunlari Toshkentdagi Tashkent ATF 14&Under bosqichi «Paxtakor» stadioni kortlarida bo‘lib o‘tdi. Turnir sakkizta mamlakat vakillarini bir joyga jamladi va mavsumning eng yirik bosqichlaridan biriga aylandi. Bu yerda reyting uchun kurash, sport orzulari va ilk xalqaro unvonlar uchun bellashuv kechdi.
«ATF 14&Under musobaqalari — mintaqada tennis kelajagi qurilayotgan poydevor hisoblanadi. O‘zbekiston bolalar tennisi rivojlanish markazi ekanligini yana bir bor isbotlamoqda. Turnirlar yuksak darajada, tashkilotchilik bilan, har bir ishtirokchiga e’tibor bilan o‘tmoqda. Bu faqat musobaqa emas. Bu ommaviy sport, bolalar orzusi va butun tennis ekotizimini rivojlantirishga qo‘shilayotgan hissadir. Federatsiya murabbiylar, infratuzilma, talabalar va veteranlar loyihalariga sarmoya kiritmoqda. Bizning maqsadimiz — O‘zbekistonning har bir hududida o‘sish imkoniyatlarini yaratish. Bugun Samarqand va Toshkentda ilk qadamlar qo‘yayotgan yoshlar, ertaga xalqaro maydonda mamlakatimizni namoyon etadi,» — dedi O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Sardor Kamilov.
Qizlar o‘rtasida yakkalik bahslar g‘olibasi — Muslima Xon Turdimurodova, u finalda Mumtozbegim Akramovadan 6–2, 6–3 hisobida ustun keldi; juftlikda esa Muslima Xon Turdimurodova va Kamilla Qayumova 6–2, 6–2 hisobida g‘alaba qozonishdi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida yakkalik bahslar g‘olibasi — Saudiya Arabistonilik Hamza Elmansuri. U Ismoiljon Tursunovni 2–6, 6–2, 6–4 hisobida mag‘lub etdi. Juftlikda esa Saidaslom Farhodov va Hamza Elmansuri 6–0, 7–6 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Nima uchun bu muhim:
-
Turnirlar ko‘p ishtirokchilar uchun birinchi xalqaro tajriba hisoblanadi va ATF U14 rasmiy reytingiga olib chiqadi
-
Hududlarda sport muhiti va infratuzilmasini shakllantiradi
-
O‘zbekistonni yoshlar o‘rtasidagi xalqaro musobaqalar tashkilotchisi sifatidagi maqomini oshiradi
-
So‘nggi ikki yilda ATF seriyasida 800 dan ortiq 14 yoshgacha bo‘lgan tennischi qatnashgan va bu raqam o‘sishda davom etmoqda
O‘zbekiston yana bir bor isbotlamoqda: bu yerda tennis — faqat sport emas, balki yo‘l, tarbiya va ilhom manbaidir.