Ikki nafar o‘zbek tennischisi Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan Roland Garros Junior Series final bosqichida ishtirok etadi

O‘zbekistonlik ikki nafar vakil 2025-yil oktabr oyida Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan nufuzli Roland Garros Junior Series turnirining final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Yaponiyaga Akmal Abdullayev va Alan Zinnatullin yo‘l oladi. Abdullayev Olmota shahrida o‘tkazilgan saralash bosqichida finalga chiqib, yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Zinnatullinga esa Osiyo tennis federatsiyasi (ATF) tomonidan wild-card berildi. Shu tariqa, ikki nafar o‘zbekistonlik o‘smir tennischi turnirning hal qiluvchi bosqichida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.

Roland Garros Junior Series finali Yaponiyada bo‘lib o‘tadi va bu bosqich 2026-yilda Fransiyada o‘tkaziladigan Roland Garros — dunyoning eng yirik o‘smirlar o‘rtasidagi turnirlaridan biriga yo‘l ochuvchi muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Turnir g‘oliblari Parijdagi afsonaviy kortlarda o‘z kuchini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.