Mariya Timofeyeva xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi

Tennischi Mariya Timofeyeva endilikda O‘zbekiston bayrog‘i ostida ishtirok etadi. Tegishli o‘zgarishlar allaqachon uning profili orqali Ayollar tennis assotsiatsiyasi (WTA) rasmiy saytida kiritilgan.

21 yoshli sportchi hozirda WTA jahon reytingida 146-o‘rinda joylashgan, uning eng yuqori natijasi — 2023-yil avgust oyida erishilgan 93-o‘rin. O‘tgan hafta Mariya Portugaliyada bo‘lib o‘tgan ITF W75 Quinta do Lago turnirida g‘alaba qozonib, navbatdagi unvonini qo‘lga kiritdi.

“Biz Mariya Timofeyevani O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida kutib olishdan mamnunmiz. U kuchli, maqsadli va fidoyi sportchi bo‘lib, mamlakatimizning xalqaro tennis maydonidagi mavqeini mustahkamlashga hissa qo‘sha oladi. Uning o‘tish qarori Xalqaro Tennis Federatsiyasi (ITF) va Ayollar Tennis Assotsiatsiyasi (WTA) qoidalariga to‘liq muvofiq tarzda amalga oshirildi,”
— dedi O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi bosh kotibi Sardor Kamilov.

U shuningdek, bu qaror Federatsiya uchun strategik ahamiyatga ega qadam ekanini ta’kidladi — u mamlakatda professional tennisni rivojlantirish hamda ayollar terma jamoasining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Endilikda Mariya WTA turnirlarida va Billie Jean King Cup musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

“Biz ishonamizki, uning tajribasi va o‘yin darajasi yosh tennischilarga ilhom bag‘ishlaydi hamda O‘zbekistonda tennisga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi,”
— dedi Sardor Kamilov.

O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi xalqaro hamkorlikni kengaytirish va milliy terma jamoalarning mavqeini mustahkamlash yo‘lida faol ish olib bormoqda.

Jamoa tarkibida jahon darajasidagi sportchi paydo bo‘lishi — bu mamlakatda professional tennis maktabini shakllantirish sari muhim bosqich bo‘lib, yosh o‘yinchilarga o‘z yurtining kuchli va muvaffaqiyatli vakillaridan ibrat olish imkonini beradi.

O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi matbuot xizmati