Mumtozabegim Akramova Qatarda o‘tkazilgan turnirda juftlik bahslarida chempionlikni qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonning yosh tennischisi Mumtozabegim Akramova 22–29 noyabr 2025-yilda Doha (Qatar) shahrida bo‘lib o‘tgan ATF 3rd Qatar Asian Junior toifasidagi 14 yoshgacha bo‘lgan tennischilar o‘rtasidagi 2-kategoriyali turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Sportchimiz juftlik bahslarida birinchi o’rinni qo‘lga kiritdi va yakka bahslarda kuchlilar qatoriga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

 

Juftlik bahslari — chempionlik unvoni

Mumtozabegim Akramova juftlik bahslarida turnir g‘olibiga aylandi va Rossiya hamda Qozog‘iston vakillarini muhim uchrashuvlarda ishonchli tarzda mag‘lub etdi.

Mumtozabegim Akramova Turkmaniston vakilasi Sevinch Ishanquliyeva bilan juftlikda Rossiyalik Sofiya Himmelrayx va Qozog‘istonlik Yasmina Yusupova duetini 7–5, 6–1 hisobida mag‘lub etdi.

 

Akramova — Ishanquliyeva juftligi turnir davomida ishonchli o‘yin, yuqori tezlik va a’lo darajadagi o‘zaro moslashuvni namoyish etdi va munosib ravishda peshqadamlik pog‘onasiga ko‘tarildi.

 

Yakka bahslar — chorak finalga chiqish

Mumtozabegim Akramova yakka bahslarda ham munosib natija ko‘rsatdi va chorak final bosqichiga yetib bordi.

Mumtozabegim Akramova Sevinch Ishanquliyevaga 5–7, 6–0, 1–6 hisobida imkoniyatni boy berdi.

 

Mumtozabegimning Qatardagi ishtiroki — o‘zbekistonlik yosh tennischilarning xalqaro maydondagi o‘rnini tobora mustahkamlab borayotganining yana bir tasdig‘i. Juftlik bahslarida chempionlik va yakka bahslarda chorak finalga chiqish — yosh sportchining rivojlanishidagi muhim bosqichdir.

 

 

O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi matbuot xizmati