O‘zbekiston tennischilari ITF J60 Kathmandu turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etdi: ikki final va juftlik bahslarida yarim finallar
O‘zbekiston vakilasi Keyra Kim yana xalqaro maydonda muvaffaqiyatli ishtirok etib, Nepaldagi ITF J60 Kathmandu turnirining ketma-ket ikkinchi bor finalchisiga aylandi.
Hal qiluvchi bahsda o‘zbekistonlik tennischi Janubiy Koreya vakilasi Sohyon Kimga qarshi kortga chiqdi. Birinchi set keskin kurashlar ostida o‘tdi va Keyra Kim 5–7 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shundan so‘ng raqiba ikkinchi setda ham ustunlikni qo‘lga olib, uchrashuvni 6–0 hisobida yakunladi.
Yakkalikdagi muvaffaqiyatdan tashqari, o‘zbekistonlik tennischilar juftlik bahslarida ham o‘zlarini namoyon etishdi. Keyra Kim Yaponiya vakilasi Riko Shozui bilan juftlikda turnirning yarim final bosqichiga qadar yetib bordi. Shuningdek, Gonkonglik Xan Frida Siu bilan tandem hosil qilgan Emili Kim ham juftlik bahslarida yarim finalga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
J60 toifasidagi turnirlarda ketma-ket ikki bor yakkalik finaliga chiqish, shuningdek o‘zbekistonlik tennischilarning juftlik bahslarida yarim finalga yo‘l olishi ularning barqarorligi, yuqori darajadagi tayyorgarligi va xalqaro o‘smirlar maydonidagi ishonchli o‘sishini tasdiqlaydi. Kathmandu turniri tennischilar uchun muhim va samarali bosqich bo‘ldi.
O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati
