2026–2027 yillar uchun ITF qo‘mitalari va komissiyalari tarkibiga uch nafar o‘zbekistonlik kiritildi

ITF 2026–2027 yillar uchun Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) qo‘mitalari va komissiyalari tarkibini e’lon qildi. Ushbu tarkibga O‘zbekistondan uch nafar vakil kiritildi.

 

ITF Prezidentining Devis kubogi va Billie Jean King Cup bo‘yicha Ishchi guruhi tarkibiga O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisining o‘rinbosari, afsonaviy o‘zbek tennischisi Iroda Tulyaganova, shuningdek O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi,Billie Jean King Cup’da O‘zbekiston terma jamoasi sardori, professional tennischi Akgul Amanmuradova kiritildi.

 

O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi, Devis kubogidagi terma jamoa sardori, afsonaviy o‘zbek tennischisi Denis Istomin ITF Murabbiylar komissiyasi a’zosi etib tayinlandi.

 

ITF doirasida jami 70 ta mamlakatdan 230 nafardan ortiq vakil turli qo‘mitalar, komissiyalar va ishchi guruhlarga tayinlandi. Ushbu tuzilmalar tennisning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha ITF va uning Direktorlar kengashiga ko‘maklashadi.

 

Har bir qo‘mita va komissiyaning vakolatlari ITF ustaviga asoslanadi. A’zolar o‘z faoliyatini ITF boshqaruv, sport va ishtirok tamoyillariga muvofiq olib boradi hamda federatsiyaning asosiy qadriyatlari — samarali boshqaruv, halollik, inklyuzivlik, innovatsiya va hamkorlik tamoyillariga amal qiladi.

 

 

O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati