Andijonda ITF World Tennis Tour Juniors J60 xalqaro tennis turniri yakunlandi

2025 yil 25 iyuldan 2 avgustgacha Andijon shahridagi o‘yin turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida ITF World Tennis Tour Juniors J60 xalqaro tennis musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston tennis federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu musobaqalarda 8 ta mamlakatdan kelgan yosh tennischilar ishtirok etib, o‘z mahoratlarini namoyon qilishdi va xalqaro tajriba orttirish imkoniga ega bo‘lishdi. Ishtirokchilar O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Frantsiya, Hindiston, Isroil, Ozarbayjon, Turkmaniston kabi davlatlardan bo‘lgan.

Yakka razryad bellashuvlari quyidagi natijalar bilan yakunlandi:

Yakka razryad
Qizlar:
– Radmila Raxmatullina
– Tatyana Golovina

O‘g‘il bolalar:
– Aleksandr Kunitsyn
– Abdulaziz Usmonjonov (O‘zbekiston)

Juftlik razryad
Qizlar:
– Shahzoda Artiqboeva (O‘zbekiston) / Mariya Maslyakova
– Ayya Mirzakulova (Qozog‘iston) / Radmila Raxmatullina

O‘g‘il bolalar:
– Nuriddin Baxtiyorov (O‘zbekiston) / Abdulaziz Usmonjonov (O‘zbekiston)
– Akmal Abdullaev (O‘zbekiston) / Danila Kvasov (O‘zbekiston)

“J60 seriyasidagi turnirlar yosh tennischilarning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi va O‘zbekistonning xalqaro tennis harakatining faol ishtirokchisi maqomini mustahkamlash imkonini beradi. Ishtirokchilar soni yildan-yilga oshib borayotganini, mamlakatlar geografiyasi kengayib, yoshlar o‘rtasida tennisga qiziqish ortib borayotganini ko‘rishdan mamnunmiz. Andijon xalqaro turnirga munosib mezbonlik qildi va ishonamizki, bu hududlarda tennisni rivojlantirish va yangi chempionlar avlodini shakllantirish yo‘lidagi yana bir qadmdir,” — dedi O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Sardor Komilov.

J60 toifasidagi turnirlar — ITF’ning global tizimidagi muhim bo‘g‘inlardan biri. 18 yoshgacha bo‘lgan tennischilar aynan shu yerda ilk reyting ochkolarini qo‘lga kiritishadi, tajriba to‘plashadi, ishonch hosil qilishadi va xalqaro sahnaga chiqishadi. O‘zbekistonlik yosh sportchilar uchun bu nafaqat kuchli raqiblar bilan bellashish imkoniyati, balki o‘zini dunyoga tanitish imkoniyati hamdir. Andijon shahri uchun esa katta tennis xaritasining bir bo‘lagiga aylanish imkonidir.

O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi Matbuot Xizmati