Dunyoning sobiq birinchi raketkasi Dinara Safina Toshkentda bolalar uchun master-klass o‘tkazadi

2025-yil 20–26-oktabr kunlari Olimpiya shaharchasi kortlarida xalqaro tennis turniri ITF W15 Tashkent bo‘lib o‘tadi. Turnir doirasida 24-oktabr kuni soat 14:00 da 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun maxsus master-klass tashkil etiladi. Tadbirni dunyoning sobiq birinchi raketkasi, afsonaviy tennischi Dinara Safina olib boradi.

2009-yilda dunyo birinchi raketkasi bo‘lgan, Rossiya faxriy sport ustasi va hozirda telekommentator sifatida faoliyat yuritayotgan Dinara Safina yosh ishtirokchilar bilan o‘z tajribasi va ilhomini bo‘lishadi, katta sportga yo‘l va o‘yinga bo‘lgan muhabbatning erta yoshda shakllanishi haqida so‘zlab beradi.

Dinara Safina — rossiyalik tennischi va telekommentator, Rossiya faxriy sport ustasi, juftlik bahslarida “Katta Dubulg‘a” (Grand Slam) turniri g‘olibi (AQSh Ochiq chempionati – 2007), yakkalik bahslarida uch karra “Katta Dubulg‘a” finalchisi, shuningdek, juftlik bahslarida yana bir marta “Katta Dubulg‘a” finalchisi (AQSh Ochiq chempionati – 2006).

U Olimpiya o‘yinlarining yakkalik bahslarida kumush medali sovrindori, WTA turkumidagi 21 ta turnir g‘olibi (shundan 12 tasi yakkalik bahslarida), ikki karra Billi Jean King kubogi (2005, 2008) sohibasi, shuningdek, 2009-yilda Rossiya terma jamoasi tarkibida Hopman kubogi finalchisi bo‘lgan. Safina juftlik bahslarida dunyoning sobiq sakkizinchi raketkasi hisoblanadi.

U — 2000-yilda dunyo birinchi raketkasi bo‘lgan afsonaviy rossiyalik tennischi Marat Safinning singlisidir.

Master-klassdan so‘ng autograf-sessiya va matbuot anjumani o‘tkaziladi. Tadbirda ishtirok etish istagida bo‘lgan barcha bolalar va ota-onalar master-klassga taklif etiladi.

O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati