ITF W15 Tashkent turnirining juftlik bahslarida g‘oliblar va finalchilar aniqlandi

Olimpiya shaharchasi kortlarida O‘zbekiston tennis federatsiyasi hamda ITF hamkorligida tashkil etilgan ITF W15 Tashkent xalqaro ayollar tennis turniri davom etmoqda.

Bugun markaziy kortda yakkalik bahslarining yarim final uchrashuvlari hamda juftlik bahslarining finali bo‘lib o‘tdi. Sportchilar finalga chiqish va turnirning bosh sovrini uchun katta mahorat va kuchli raqobat namoyish etishdi.

Yakkalik bahslarida finalga chiqqan tennischilar aniq bo‘ldi — Belarus vakili Darya Xomutyanskaya va Rossiya vakili Darya Egorova ertaga ITF W15 Tashkent 2025 chempioni unvoni uchun hal qiluvchi bahsda kuch sinashadi.

Juftlik bahslarida g‘alaba belaruslik duet — Darya Xomutyanskaya va Kseniya Yershga nasib etdi. Ular finalda qo’zoqstonlik Asylzhan Arystanbekova va Ingkar Dussembay duetini 6–3, 2–6, [10–8] hisobida mag‘lub etishdi.

ITF W15 Tashkent turniri 20–26-oktabr kunlari o‘tkazilmoqda va dunyoning turli davlatlaridan professional tennischilarni birlashtirdi. Musobaqa O‘zbekistonda ayollar tennisini rivojlantirish bo‘yicha muhim loyihalardan biri bo‘lib, yosh sportchilarga xalqaro tajriba va ITF reyting ochkolarini qo‘lga kiritish imkonini bermoqda.

Turnirning final uchrashuvlari 26-oktabr kuni markaziy kortda bo‘lib o‘tadi. Boshlanish vaqti — 11:00.

Turnirning bosh homiysi — Hayot Bank. Homiylar — Montella va Pepsi.

O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati