J200 Fergana HAYOT BANK CUP turniri g‘oliblari aniqlandi

6–12 oktyabr 2025-yillar oralig‘ida Farg‘ona shahrida ITF World Tennis Tour Juniors — J200 Fergana HAYOT BANK CUP xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Musobaqa 10 dan ortiq davlatdan kelgan eng kuchli yosh tennischilarni bir joyga to‘pladi. Turnir Markaziy Osiyodagi ITF yoshlar taqvimi doirasidagi muhim bosqichlardan biri bo‘lib, ishtirokchilarga muhim reyting ochkolarini qo‘lga kiritish va jahon reytingidagi o‘rnini mustahkamlash imkonini berdi.
Yakkalik bahslari
O‘g‘il bolalar (BS18)
Yakkalik bahslarida Rossiya vakili Kirill Filaretov g‘olib chiqdi. U finalda o‘z vatandoshi Ivan Iutkinni 6–4, 6–1 hisobida mag‘lub etdi.
Qizlar (GS18)
Qizlar o‘rtasida chempionlikni Rossiya vakili Aleksandra Malova qo‘lga kiritdi. U hal qiluvchi bahsda Alena Xarchenko ustidan 6–3, 6–4 hisobida g‘alaba qozondi.
Juftlik bahslari
O‘g‘il bolalar (BD18)
Juftlik finalida Belarus vakillari Ruslan Kastsyukevich va Ivan Samstyka keskin kechgan o‘yinda Qozog‘istonlik Damir Duysengazin va Rossiyalik Yaroslav Klishin duetini 6–4, 3–6, 11–9 hisobida mag‘lub etishdi.
Ushbu g‘alaba Kastsyukevich va Samstykaga J200 Fergana turniri chempionligi hamda ITF Juniors reytingi uchun muhim ochkolarni taqdim etdi.
Qizlar (GD18)
Qizlar o‘rtasidagi juftlik bahslarida Rossiya vakillari Nelli Ivanova va Darya Kuznetsova g‘olib chiqishdi. Ular finalda o‘z vatandoshlari Aleksandra Malova va Arina Malygina duetini 6–4, 7–5 hisobida mag‘lub etishdi.
Final nihoyatda qiziqarli kechdi: har ikki juftlik yuqori darajadagi o‘yin ko‘rsatdi, biroq Ivanova va Kuznetsova hal qiluvchi breyk-po‘yntlarni amalga oshirib, g‘alabani o‘z foydasiga hal qildi.
Turnir ahamiyati
J200 Fergana HAYOT BANK CUP turniri Xalqaro Tennis Federatsiyasi (ITF) rasmiy taqvimiga kiritilgan bo‘lib, Markaziy Osiyodagi eng nufuzli yoshlar musobaqalaridan biridir.
Bunday turnirlarda ishtirok etish va g‘alaba qozonish yosh sportchilarga ITF jahon reytingida o‘z o‘rnini mustahkamlash hamda yuqori toifadagi musobaqalarda qatnashish uchun yo‘l ochadi.
O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi matbuot xizmati.