Kamilla Rahimova Australian Open’dagi ishtirokini yakunladi

O‘zbekistonlik tennischi Kamilla Rahimova Australian Open’dagi ishtirokini yakunladi. U ikkinchi davra uchrashuvida jahon tennisining yetakchilaridan biri, WTA reytingida uchinchi o‘rinda turgan Koko Gauffga qarshi bahsda mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuv hisobi 6–2, 6–3.

 

Bellashuv 19-yanvar kuni turnirning asosiy arenasi Rod Laver Arenada bo‘lib o‘tdi. Bu maydonda an’anaviy ravishda Australian Open’ning eng muhim uchrashuvlari o‘tkaziladi. Rahimova uchrashuv davomida xarakter va raqobatbardosh kayfiyat namoyon etdi, biroq raqibasining tajribasi va yuqori o‘yin sur’ati hal qiluvchi omil bo‘ldi.

 

Kamilla Rahimovaning Australian Open’ning asosiy setkasidagi ishtiroki va dunyoning eng kuchli tennischilaridan biriga qarshi o‘tkazgan uchrashuvi mavsum boshida muhim bosqich hamda O‘zbekiston terma jamoasi vakili uchun qimmatli xalqaro tajriba bo‘ldi.

 

 

O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati