Kamilla Rahimova va Polina Kudermetova Australian Open asosiy setkasida ishtirok etadi
O‘zbekistonlik tennischilar Kamilla Rahimova va Polina Kudermetova Melburnda bo‘lib o‘tayotgan Australian Open turnirining asosiy setkasiga kiritildi.
Birinchi davra uchrashuvida WTA reytingida 91-o‘rinda turgan Kamilla Rahimova AQSh vakilasi, jahonning uchinchi raketkasi Koko Goffga qarshi kortga chiqadi. Rahimova uchun bu “Katta Dubulg‘a” turniridagi mavsum startida muhim sinov bo‘ladi.
WTA reytingida 150-o‘rinda joylashgan Polina Kudermetova esa birinchi bosqichda Ispaniya vakilasi Giomar Maristani Suleta de Reales (WTA reytingida 184 o‘rinda joylashgan) bilan uchrashadi. Ushbu bahs o‘zbekistonlik tennischi uchun mavsumning eng nufuzli turnirlaridan birida ikkinchi davraga chiqish imkoniyati bo‘ladi.
O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar tennischisi bir vaqtning o‘zida Australian Open asosiy setkasida ishtirok etayotgani milliy tennisning izchil rivojlanayotganini va sportchilarimizning eng yirik xalqaro arenalardagi ishtiroki tobora ortib borayotganini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi matbuot xizmati
