Mumtozabegim Akramova Qatardagi turnirda yakka bahsda chorak finalga, juftlikda esa finalga chiqdi

O‘zbekistonlik yosh tennischi Mumtozabegim Akramova 29 noyabr – 6 dekabr kunlari Doha shahrida o‘tayotgan 4th Qatar Asian Junior 14 & Under turnirida (ATF) muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

 

Yakka bahs — chorak final

Mumtozabegim turnirni ishonchli boshladi va yuqori darajadagi o‘yinini namoyish etdi. U musobaqaning bir uchrashuvida Niderlandiya vakili Ayris Benni 6–1, 6–0 hisobida mag‘lub etib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Chorak finalda Akramova yarim finalga chiqish uchun kurash olib boradi.

 

Juftlik bahsi — final yo‘llanmasi

Mumtozabegim Akramova Qatarlik tennischi Dorsaf Al-Tani bilan juftlik bahslarida ham ajoyib natija qayd etdi. Yarim finalda o‘zbekistonlik-qatarli juftlik raqiblarini 6–0, 6–0 hisobida ishonchli tarzda mag‘lub etib, finalga chiqdi.

Finalda ularning raqibi Rossiyalik Sofiya Ximmelreyx va Turkmanistonlik Sevinch Ishankuliyeva juftligi bo‘ladi.

 

O‘zbekiston — mintaqa yetakchilari safida

Akramovaning juftlikda finalga chiqishi va yakka bahsda muvaffaqiyatli ishtiroki O‘zbekiston yosh tennischilarining yuqori tayyorgarlik darajasini hamda O‘zbekiston tennis federatsiyasining tizimli ishlar samaradorligini tasdiqlaydi.

 

 

O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati