Namanganda ITF J30 Namangan turniri bo‘lib o‘tdi: 12 davlatdan kelgan yosh yulduzlar chempionlik uchun kurashdi

2025-yil 21–27-iyul kunlari Namangan shahrida ITF World Tennis Tour Juniors seriyasi doirasidagi J30 Namangan xalqaro o‘smirlar tennis turniri muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu musobaqa O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi tomonidan tashkil etilib, mintaqadagi tennis rivoji uchun muhim voqea bo‘ldi.
Turnirda O‘zbekiston, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Hindiston, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Isroil, Tojikiston, Turkmaniston, AQSh va Ispaniyadan 100 dan ortiq yigit-qizlar ishtirok etdi.
Namanganning kortlarida 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida yakka va juftlik bahslarida 120 dan ortiq o‘yinlar o‘tkazildi. Iqtidorli yosh tennischilar yuqori darajadagi tayyorgarlik va g‘alabaga bo‘lgan intilishni namoyish qilishdi.
Turnir g‘oliblari va final o‘yinlari natijalari:
Yigitlar — Yakka razryad:
Mahmudbek Beknazarov (O‘zbekiston) — Viggo Wagenknecht (Germaniya)ni 6-3, 6-4 hisobida mag‘lub etdi.
Qizlar — Yakka razryad:
Tatyana Golovina (Rossiya) — Yuliya Myakotkina (Rossiya) ustidan 6-2, 7-5 hisobida g‘alaba qozondi.
Yigitlar — Juftlik razryad:
Mahmudbek Beknazarov / Abdurahmon Karimov (O‘zbekiston) — Timur Dautov / Amir Safaev (O‘zbekiston) juftligini 6-2, 6-3 hisobida yengdi.
Qizlar — Juftlik razryad:
Shahzoda Artiqboeva (O‘zbekiston) / Linara Bulesheva (Qozog‘iston) — Aleksandra Kachushkina / Kira Ertman (Qozog‘iston) juftligini 6-3, 6-2 hisobida mag‘lub etishdi.
«J30 turniri Namanganda nafaqat musobaqa, balki O‘zbekistonning xalqaro tennis tizimidagi mavqeini mustahkamlab borayotganining yorqin isbotidir. Tennischilarga bo‘lgan qiziqish ham sportchilar, ham tomoshabinlar orasida ortib borayotganini ko‘rib mamnunmiz. Federatsiya yosh iste’dodlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishda davom etadi — hududlardan tortib poytaxtgacha, professional sport va xalqaro e’tirof sari yo‘l ochiladi», — dedi O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi bosh kotibi Sardor Kamilov.
Turnir ahamiyati
J30 Namangan turniri — ITF’ning butun dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan o‘smirlar turkumiga kiradi va 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilarga reyting ochkolarini qo‘lga kiritish hamda xalqaro tajriba orttirish imkonini beradi. Bunday musobaqalarda qatnashish — «Katta Dubulg‘a» turnirlari va professional tennis sari ilk qadamdir.
Turnirning Namanganda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro tennis maydonidagi o‘sib borayotgan o‘rnini yana bir bor tasdiqlaydi. Musobaqa O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi ko‘magida o‘tkazildi. Federatsiya tennis infratuzilmasini rivojlantirish va yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi matbuot xizmati