O‘zbekiston U14 qizlar jamoasi Vyetnamdagi turnir g‘olibiga aylandi
Vyetnamda o‘tkazilgan ITF World Junior Tennis Competition U14 – Asia/Oceania saralash bosqichida O‘zbekistonning 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, musobaqa g‘olibiga aylandi.
Turnir davomida yosh tennischilarimiz yuqori darajadagi o‘yin namoyish etib, final bosqichigacha yetib kelishdi. Hal qiluvchi bahsda O‘zbekiston jamoasi mezbonlar — Vyetnam jamoasiga qarshi kortga chiqdi.
Final uchrashuvida hamyurtlarimiz ishonchli o‘yin ko‘rsatib, raqiblarini 2:0 hisobida mag‘lub etishdi va turnir chempioniga aylanishdi. Reglamentga ko‘ra o‘tkazilishi kerak bo‘lgan juftlik uchrashuvi tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan o‘tkazilmadi.
Mazkur natija O‘zbekiston yosh tennischilarining yuqori salohiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi. Yosh sportchilarimizni ushbu yorqin g‘alaba bilan tabriklaymiz va ularga kelgusi musobaqalarda omad tilaymiz.
O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati
