O‘zbekistonlik tennischilar ITF J30 Dushanbe turnirida yarim finalga chiqishdi va juftlikda chempionlikni qo‘lga kiritishdi

1–5 sentyabr kunlari Dushanbeda ITF World Tennis Tour Juniors J30 – President Cup 2025 xalqaro o‘smirlar turniri bo‘lib o‘tdi. Musobaqa Markaziy Osiyo va qo‘shni davlatlarning eng kuchli o‘yinchilarini bir joyga to‘pladi va o‘zbekistonlik sportchilar munosib natijalarni ko‘rsatishdi.
Yigitlar bahsida O‘zbekiston vakillari Amir Safaev va Nikita G‘afurov yarim finalga chiqishdi. Safaev Qozog‘istondan Yunusbek Serikulini — 6:2, 6:1 hisobida mag‘lub etdi, biroq birinchi raqam ostida saralangan Aleksandr Kunitsinga (Rossiya) — 1:6, 1:6 hisobida imkoniyatni boy berdi. G‘afurov esa keskin bahsda uchinchi raqam ostida saralangan Ayrik Abedinzadeni (Eron) — 7:6(5), 6:4 hisobida yengdi, ammo ikkinchi raqamli Maksim Prokoshinni (Rossiya) — 2:6, 1:6 hisobida ortda qoldirolmadi.
Qizlar bahsida Elnura Boltaboyeva va Yasmina Fatixova ilk o‘yinlardayoq tajribaliroq raqiblariga imkoniyatni berishdi.
Turnirning asosiy syurprizi esa juftlik bahsida yuz berdi: o‘zbekistonlik Elnura Boltaboyeva qozoqistonlik Alua Marat bilan birga chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ular yarim finalda rossiyalik Milana Miliyanchenko va Aleksandra Talinani — 6:3, 7:5 hisobida mag‘lub etishdi. Finalda esa Viktoriya Yegorova (Rossiya) va Safina Safiulina (Qozog‘iston) duetini 6:3, 7:6 hisobida yengib, chempion bo‘lishdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston Dushanbedan muhim sovrin bilan qaytdi: Elnura Boltaboyevaning juftlikdagi g‘alabasi asosiy yutuq bo‘ldi, Safaev va G‘afurovning yarim final natijalari esa yosh tennischilarimizning o‘sib borayotgan salohiyatini yana bir bor tasdiqladi.