O‘zbekistonlik yuniorlar Tojikistonda bo‘lib o‘tgan ATF 14&Under Sugd Cup 1 xalqaro turnirining mutlaq chempionlariga aylandilar

2025-yil 9–15-avgust kunlari Xo‘jand shahrida (Tojikiston) Osiyo Tennis Federatsiyasi (ATF) homiyligida o‘tkazilgan Sugd Cup 1 xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Musobaqa mintaqaning eng kuchli yuniorlarini birlashtirdi. O‘zbekiston Respublikasi Olimpiya zaxiralari tennis maktabining yosh sportchilari ajoyib natijalarga erishib, 14 yoshgacha bo‘lgan toifa bo‘yicha barcha asosiy unvonlarni qo‘lga kiritishdi.
Artyom Dogovorov yakkalik va juftlik bahslarida g‘alaba qozonib, mutlaq chempionga aylandi. Yakkalik finalida u hamyurti Dong Seon Kimni 7:6(5), 6:2 hisobida mag‘lub etdi. Juftlik bahslarida esa Dogovorov va Kim birga harakat qilib, finalda Qozog‘istonlik Alihan Aqilbek va Ibrohim Rahmatullinni 6:2, 6:1 hisobida yengib, chempionlikni qo‘lga kiritishdi.
Zlata Nizamiyeva yakkalik bahslarida hech bir set yutqazmagan holda chempionlikni qo‘lga kiritdi. Finalda u Milana Zaxarovani 6:1, 6:2 hisobida ishonchli tarzda mag‘lub etdi. Juftlik bahslarida esa Nizamiyeva va Zaxarova bir jamoa bo‘lib, Qozog‘istonlik Aliya Rahmetjan va Dilnaz Amondossovani 6:1, 6:2 hisobida yengib, g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
Bu g‘alabalar yosh sportchilarning qat’iyati va murabbiylarning fidokorona mehnati samarasidir. Dogovorov, Nizamiyeva va Zaxarovaning yutuqlari O‘zbekiston tennisining yuksak salohiyatini tasdiqlaydi va mamlakatimizning xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati