Saidaslam Farxhodov Bakuda bo‘lib o‘tgan Tennis Europe Autumn Cup turnirining juftlik chempioni bo‘ldi

6–12 oktyabr 2025-yil kunlari Boku shahridagi Bakinskiy Tennis Akademiyasi (Ozarbayjon) kortlarida Tennis Europe Junior Tour — Autumn Cup xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqa 3-toifa (kategoriya 3) darajasidagi turnir bo‘lib, unda Yevropa va Osiyoning turli mamlakatlaridan 163 nafar yosh tennischi ishtirok etdi.

Juftlik bahslari (BD14)
14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi juftlik bahslarida O‘zbekiston vakili Saidaslam Farxhodov va Rossiyalik Daniil Skorobogatiy g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Chempionlik sari yo‘lda ular barqaror va ishonchli o‘yin namoyish etishdi:
• Chorak finalda — Lev Bekker va Kirill Mstyukov duetini 6:3, 6:1 hisobida mag‘lub etishdi.
• Yarim finalda — Nikita Yermolov va Mael Mahmutov ustidan 6:2, 6:2 hisobida g‘alaba qozonishdi.
• Finalda esa keskin uch setlik bahsda Marat Deshin va Aleksandr Zyabko duetini 4:6, 6:2, [10–5] hisobida yengib, chempionlikni qo‘lga kiritishdi.

Ushbu natija Farxhodov uchun Tennis Europe turnirlaridagi muhim xalqaro g‘alabalardan biri bo‘ldi. Bu yutuq Bakuda o‘tgan Remembrance Day turnirida yakka bahslar finaliga chiqqanidan atigi bir hafta o‘tib qayd etildi.

Turnir ahamiyati

Tennis Europe Junior Tourning 3-toifa musobaqalari yosh tennischilarga reyting ochkolarini to‘plash, bebaho o‘yin tajribasini orttirish va keyingi bosqichdagi nufuzli qit’a musobaqalariga yo‘l ochish imkonini beradi.

O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati