Saidislam Farhodov Bokuda o‘tkazilgan Tennis Europe xalqaro turnirining finalchisiga aylandi.

29 sentabrdan 5 oktyabrgacha Ozarbayjon poytaxti Bokuda joylashgan Boku Tennis Akademiyasi kortlarida 14 yoshgacha bo‘lgan eng kuchli yosh tennischilar ishtirokida Tennis Europe Junior Tour – Remembrance Day (3-toifa) xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistondan Saidislam Farhodov musobaqada ishonchli o‘yin namoyish etib, BS14 yakkalik yo‘nalishida finalga chiqdi. Finalgacha bo‘lgan yo‘lda u quyidagi raqiblarini mag‘lub etdi:
• Aleksandr Zyabko — 3-6, 6-4, 7-5
• David Tevazadze — 6-0, 6-1
• Georgiy Kintsurashvili — 6-0, 6-2

Finalda o‘zbekistonlik tennischi Gruziya vakili Yuriy Tiktopulo bilan kuch sinashib, ikki setda 3-6, 3-6 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Farhodov uchun bu natija xalqaro maydondagi eng muvaffaqiyatli ishtiroklardan biri bo‘ldi — 3-toifa turnirining finaliga chiqish unga Tennis Europe reytingida qimmatli ochkolar olib keladi va Yevropa yoshlar reytingida o‘rnini mustahkamlaydi.

Tennis Europe Junior Tour turnirlari Yevropadagi yosh tennischilarni rivojlantirish tizimining muhim qismi hisoblanadi. Ular yosh sportchilarga xalqaro darajada raqobatlashish va amaliy tajriba orttirish imkonini beradi.

O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi matbuot xizmati