U14 saralash turnirlari: O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirish

O‘zbekiston tennis federatsiyasi 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasida saralash turnirlarini o‘tkazadi. Ushbu musobaqalar mamlakatning o‘smirlar terma jamoasiga nomzodlar ro‘yxatini shakllantirish hamda ITF va ATF homiyligida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etiladi.

 

14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi turnir 2026-yil 9–15-yanvar kunlari, 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi turnir esa 2026-yil 25–31-yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi.

Har ikki musobaqaning o‘tkazilish joyi — Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabi.

 

Musobaqalarning asosiy vazifasi — yosh tennischilarning sport mahoratini oshirish, sport zaxirasini tayyorlash va eng kuchli o‘yinchilarni xolisona saralab olishdir. Turnirlar yakuniga ko‘ra FTT murabbiylar kengashi quyidagilarni shakllantiradi:

 

“World Junior Tennis Competition” Pre-Qualifying Event jamoaviy turnirida ishtirok etish uchun O‘zbekiston terma jamoasi tarkibini;
ITF Asia 14&U Development Championships Final yakka tartibdagi turnirida ishtirok etadigan o‘yinchilar ro‘yxatini.

 

Turnirlar yopiq kortlarda, Hard qoplamada o‘tkaziladi. Rasmiy to‘plar — Technifibre Club. Musobaqa formati — aylana tizimi: asosiy turnirda 8 nafar o‘yinchi ishtirok etadi va ular 4 nafardan iborat ikki kichik guruhga bo‘linadi. Eng yaxshi sportchilar yarim final va final bosqichlariga yo‘l oladi, qolgan ishtirokchilar esa yakuniy o‘rinlar uchun uchrashuvlar o‘tkazadi.

 

Ishtirok etish uchun arizalar OTF rasmiy portalidagi UZ PIN tizimi orqali qabul qilinadi. UZ PIN-kodi orqali ariza yuborish va oʻyinchi profilini faollashtirish uchun Malika Orazalieva bilan +998 97 403 38 83 raqamiga bogʻlaning:

 

2025-yil 29-dekabrgacha — o‘g‘il bolalar turniri uchun;
2026-yil 12-yanvargacha — qizlar turniri uchun.

 

O‘zbekiston tennis federatsiyasi musobaqalarning tashkil etilishi, hakamlik va tibbiy ta’minotni to‘liq amalga oshiradi. Ushbu turnirlar OTFning o‘smirlar tennisini rivojlantirish va xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarida muhim bosqich hisoblanadi.

 

 

O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati