Respublika tennis olimpiya zaxiralari maktabini boshqarish funksiyasi O‘zbekiston tennis federatsiyasiga topshirildi

Respublika tennis olimpiya zaxiralari maktabini boshqarish funksiyasi O‘zbekiston tennis federatsiyasiga topshirildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-sentabrdagi PQ–347-sonli “Tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatimizda tennisni rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.

 

Qarorga muvofiq, Sport vazirligining Respublika tennis olimpiya zaxiralari maktabini boshqarish funksiyasi amaldagi moliyalashtirish tartibi saqlab qolingan holda O‘zbekiston tennis federatsiyasiga topshirildi.

 

Shuningdek, Federatsiyaga maktab faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichlarini belgilash, rahbar kadrlarni tayinlash hamda uning moliyaviy va strategik rivojlanish dasturlarini tasdiqlash vakolatlari berildi.

 

Maktab faoliyatini yanada rivojlantirish doirasida xorijiy mutaxassis va trenerlarni jalb etish, zamonaviy tayyorgarlik usullarini joriy qilish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, shuningdek, 2027-yildan boshlab maktab bazasida ITF xalqaro musobaqalarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

 

Mazkur qaror yosh iqtidorlarni aniqlash va professional tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston tennisining xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.