O‘zbekistonlik tennischilar ITF W15 Tashkent turnirida juftlik bahslarini muvaffaqiyatli boshladi

Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi kortlarida 2025-yil 27-oktabrdan 2-noyabrgacha o‘tayotgan ITF World Tennis Tour W15 Tashkent xalqaro ayollar tennis turniri davom etmoqda. Musobaqa ITF hamkorligida O‘zbekiston tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan.

Bir nechta o‘zbekistonlik tennischilar juftlik bahslarida ilk bosqichni muvaffaqiyatli yakunlab, turnirning ikkinchi bosqichiga yo‘l olishdi. Shahzoda Artikbaeva (O‘zbekiston) va Odeta Panasa (Latviya) raqiblari Darya Xomutyanskaya va Kseniya Yershni 6–3, 6–4 hisobida mag‘lub etishdi.

Shuningdek, Nigina Alimova va Maftunabonu Qahramonova ham raqiblarining uchrashuvda ishtirok etishdan voz kechishi sababli ikkinchi bosqichga yo‘l olishdi.

Darya Shubina (O‘zbekiston) va Anastasiya Krimkova (Qozog‘iston) kunning eng tarang va tomoshabop uchrashuvidan birini o‘tkazib, hindistonlik Soha Sodiq va Akankshna Nitture juftligini mag‘lub etishdi.
Birinchi set 6–1 hisobida qo‘lga kiritilgach, ikkinchi set 6–7(5) hisobida boy berildi va taqdir match-tay-breykda hal bo‘ldi. Hisob 4–8 bo‘lgan paytda o‘zbek-qozog‘istonlik duet yorqin kambek amalga oshirib, g‘alabani [10–8] hisobida tortib oldi. Uchrashuv birinchi bosqichning haqiqiy bezagiga aylandi va kort atrofida o‘nlab tomoshabinlarni jamladi.

ITF W15 Tashkent turniri yettidan ortiq mamlakat vakillarini jamlab, o‘zbekistonlik tennischilar uchun xalqaro maydonda o‘zini namoyon etish va ITF reytinglarida mavqeini mustahkamlash uchun navbatdagi muhim imkoniyat bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati