Toshkentda xalqaro ayollar turniri ITF W15 Tashkent start oldi

2025-yil 20-oktabrdan 2-noyabrgacha O‘zbekiston poytaxtida ITF World Tennis Tour W15 Tashkent xalqaro ayollar tennis turnirlarining ikkita bosqichi ketma-ket o‘tkaziladi. Musobaqalar Olimpiya shaharchasi kortlarida bo‘lib o‘tadi.

Birinchi turnir 20–26-oktabr, ikkinchisi esa 27-oktabr – 2-noyabr kunlari o‘tkaziladi. Har bir turnirning mukofot jamg‘armasi 15 000 AQSh dollarini tashkil etadi.

Toshkentga 17 ta mamlakatdan — O‘zbekiston, Hindiston, Rossiya, Belarus, Tailand, Litva, Xitoy, Germaniya, Eron, Isroil, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Gonkong, Latviya va Niderlandiyadan tennischilar tashrif buyuradi. Ishtirokchilar ITF professional reytingida ochkolar to‘plash va o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun kurash olib borishadi.

ITF W15 Tashkent turniri an’anaviy tarzda yangi iste’dodlarni aniqlash va sportchilarni yuqori toifadagi musobaqalarga tayyorlash maydonchasi hisoblanadi. Musobaqalar O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi hamda Xalqaro Tennis Federatsiyasi (ITF) ko‘magida o‘tkazilmoqda.

Tomoshabinlarni Toshkent markazida o‘tadigan ikki haftalik yorqin o‘yinlar, kuchli raqiblar va chiroyli tennis kutmoqda.

O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati